AQShning etakchi telekanallaridan biri hisoblanuvchi CNN telekanali boshlovchisi Reza Aslanning kanniballar bilan birga jonli efirda inson miyasini eyishi katta janjalga sabab bo`ldi, deb xabar berdi “Tengrinews.kz” nashri.
Amerikaning CNN telekanali boshlovchisi hindlarning Agxori diniy sektasi haqida jonli efirda ko`rsatuv olib borayotganda, ular bilan birga diniy marosimda inson miyasini eyishi tomoshabinlarning noroziligiga va katta janjal ko`tarilishiga sabab bo`ldi. Uni nafaqat tomoshabinlar, balki hindlarning o`zi ham tanqid qildi. Reza Aslan mazkur kanalda “Xudoga ishonuvchi” degan ko`rsatuvni olib boradi. Bu epizod Hindistonda suratga olingan bo`lib, unda sektantlar vafot etgan odamning kulini boshlovchiga surtgani, keyin jasadning jag` suyagidan yasalgan shodani uning boshiga taqqanligi aks etgan.
Boshlovchi o`zining Facebook sahifasida olovda pishirilgan inson miyasi unga pista ko`mir ta`mini eslatganligini yozdi. Ijtimoiy tarmoq foydalanuvchilari Aslanni kannibalizmda, CNN telekanalini esa shu yo`l bilan reytingini ko`tarmoqchi bo`lganlikda ayblashdi.






