Checheniston respublikasi prezidenti Ramzan Qodirovning 18 yoshli qizi, Firdaws modalar uyining direktori bo`lgan Ayshat Grozniy shahrida o`zining ilk ayollar libosi kolleksiyasini namoyish qildi, deb xabar berdi “Ria.ru” nashri.
Grozniy shahrining Firdaws grand-xollida bo`lib o`tgan namoyishda mamlakat prezidenti Ramzan Qodirov, uning rafiqasi Medni Qodirova, mashhur italyan modeleri Stefano Richchi oilasi bilan, Chopard firmasi vise-prezidenti Karolina Gruozi-Shoyfele, haftalik jurnal bosh muharriri Svetlana Bondarchuk, prodyuser Yana Rudkovskaya, sportchi Evgeniy Plyushenko, xonanda Nyusha, teleboshlovchi Ekaterina Guseva, aktrisa Anna Xilkevich va boshqalar ishtirok etishdi.

Tomoshabinlar e`tiboriga 30 ta oqshom libosi havola etildi. Ular qimmatbaho toshlar bilan bezatilgan bo`lib, duxoba, ipak gazlama va fransuz jimjimador to`ridan tayyorlangan. Dizaynerning so`zlariga qaraganda, u chechen ayollari milliy libosini o`rgangandan keyin unda mazkur liboslarni yaratish g`oyasi tug`ilgan. Ayshat liboslarni yaratganda onasining maslahatlariga tayanganini aytib o`tdi. Firdaws brendi liboslari namoyishida xuddi shu nomli atir taqdimoti ham bo`lib o`tdi. Firdaws modalar uyining direktori brendning ilk atirini Chechenistonning birinchi xonimi, ya`ni onasi Medni Qodirovaga sovg`a qildi.
Firdaws modalar uyiga Checheniston rahbarining rafiqasi tomondan 2009 yilning oktyabr oyida asos solingan. U 2011 yilda Moskva shahrida o`tkazilgan xalqaro modelerlar tanlovida “Yil kutyuresi” gran-prisiga sazovor bo`lgandi. 2016 yilda Ramzan Qodirov Firdaws modalar uyini boshqarishni qizi Ayshatga topshirdi.






