AsosiyDunyo

​Ko`makka muhtoj odamlarga mehr-muruvvat ko`rsatganlar

'​Ko`makka muhtoj odamlarga mehr-muruvvat ko`rsatganlar'ning rasmi

Har kuni dunyoning minglab xayriya tashkilotlari jamiyat uchun turli ezgu amallarni bajaradi. Ammo ko`makka muhtoj odamlarni oddiy odamlar ham himoya qilib, qo`llab-quvvatlashga harakat qiladi.

Saudiya Arabistonida ko`chalarda muhtoj odamlar uchun ovqat solingan muzlatkichlar o`rnatildi

Bu g`oya Saudiya Arabistonida yashovchi oddiy fuqaroga tegishlidir. U darvozasi oldiga muzlatkich o`rnatib, nochor odamlarga yordam berish uchun qo`shnilaridan ham uni qo`llab-quvvatlashni iltimos qildi. Ko`pchilik odamlar muzlatkichni oziq-ovqat mahsulotlari bilan to`ldirishdi. Bunday holga guvoh bo`lgan boshqa odamlar ham uylari oldiga ovqat, egulik solingan muzlatkichlarni o`rnatishdi.

Floridadagi o`n daqiqalik quvonch ulashish odati

Janob Kris — nafaqat oddiy maktab o`qituvchisidir. U rivojlanishdan ortda qolgan bolalar guruhida dars o`tadi. Janob Kris darsni har kuni o`ziga xos taomil bilan boshlaydi. U o`n daqiqa davomida har bir bolani o`rnidan turg`izib, uni maqtaydi, yaxshi fazilatlarini sanaydi. Kris bu odati bilan har bir ko`ngli yarim bolaga nisbatan bo`lgan mehrini-muhabbatini namoyish qiladi, ularning jamiyat uchun kerakli inson ekanligini tushuntirishga harakat qiladi. O`qituvchining bu tarbiya usulini ijtimoiy tarmoqning millionlab foydalanuvchilari qo`llab-quvvatladi.


Nyu-Yorkdagi hayvonlar saqlanadigan joydagi qari itlarga yordam beradigan odam

Mark Imxof hayvonlar saqlanadigan joydan hech kim olib ketishni istamaydigan qari itlarga yordam berish yo`lini o`ylab topdi. U ko`ngilli ravishda itlarni cho`miltirib, junlarini qirqib, tartibga keltirgandan keyin ularning qariligi bilinmaydi. Itlarning chiroyli qiyofaga kirishi ularga yangi ega topilish imkoniyatini beradi.


Peterburgda mamlakatdagi ilk tekin kirxona ochildi

Mazkur kirxonaga “Madaniy kirxona”, degan noodatiy nom berildi. U yil davomida dam olish kunisiz ishlaydi va har kuni 80 ga yaqin odamni qabul qiladi.


Uch oyoqli, ko`zi ojiz, ammo baxtli it

Uch oyoqli, ko`zi ojiz Keller laqabli itning Josh ismli ajoyib egasi bor. U metall payvandlash ishlari bilan shug`ullanadi. Kunlardan bir kun unda uch oyoqli itini olib yurish uchun g`ildirakli arava yasash fikri tug`ildi. Endi Josh va Keller ayrilmas hamrohga aylanishdi, ular velosipedda qadrdon Marienvill shahri bo`ylab, birga sayr qiladigan bo`lishdi.


Braziliyalik mehribon qutqaruvchi

Vilson Kautino Martins ismli ajoyib inson uzoq vaqtlardan beri ona shahri Rio-de-Janeyroda yashovchi daydi itlarga ko`mak berish bilan shug`ullanadi. Suratdagi Assisi laqabli itni egalari kaltaklab, tashlab ketgan. Vilson uni mehr bilan parvarishlab, oyoqqa turg`izdi.


Texasdagi umumiy garderob

AQShning Texas shtatida yashovchi Emiliya Flores do`koni eshigi oldiga ajoyib garderob o`rnatdi. Sovqotgan har qanday yo`lovchi undan tekinga issiq palto olib kiyishi, har bir xohlovchi o`zining qalin kiyimlarini boshqalar foydalanishi uchun tashlab ketishi mumkin. Mazkur aksiya ikki yildan beri o`tkazilib, ancha odamlarni sovuqdan asradi.

    Boshqa yangiliklar