“Moskva-Toshkent” yo`nalishidagi poezd “Keles” temir-yo`l chegara bojxona postiga kirib keldi. Amaldagi tartibga ko`ra, poezd yo`lovchilarining qo`l yuklari bojxona nazoratidan o`tkazildi. Nazorat jarayoni esa bu gal ham bir qator tartibbuzarlarni fosh etdi.
HUJJATSIZ 240 DONA UYaLI ALOQA VOSITASI
Fuqaro S.Niyozovning(maqoladagi barcha ism-shariflar o`zgartirilgan) qo`l yuklari orasida yo`lovchi bojxona deklarasiyasida ko`rsatilmagan va og`zaki so`rovda taqdim etilmagan qiymati 2,5 mln. so`mni tashkil etgan 240 dona muqaddam foydalanilgan turli xil uyali aloqa vositalari borligi ma`lum bo`ldi.
“UNUTIB” QO`YILGANLARI HAM BOR
“Keles” temir-yo`l chegara bojxona postiga kirib kelgan yana bir yo`lovchi poezdi — “Novosibirsk-Toshkent” yo`lovchi poezdida kirib kelgan fuqaro R.Norov qiymati salkam 8,5 mln. so`mlik 282 ta muqaddam ishlatilgan uyali aloqa vositalarini yo`lovchi bojxona deklarasiyasida ko`rsatishni hamda bojxona xodimlarining og`zaki so`rovida aytishni go`yoki “unutib” qo`yibdi.
YaShIRGANI FOSh BO`LDI
Chegara bojxona postiga kirib kelgan navbatdagi “Sverdlovsk-Toshkent” yo`nalishidagi yo`lovchi poezdda fuqaro G`.Kabirovning qo`l yuklari nazoratdan o`tkazildi. Bu ham yuqoridagilardan qolishmagan holda 240 dona muqaddam ishlatilgan uyali aloqa vositalarini bojxona nazoratidan yashirgan holda olib kelayotgan edi. Baholash hisobotiga ko`ra uddaburon shovvozning yonidan aniqlangan uyali aloqa vositalarining qiymati 4,5 mln. so`mni tashkil qildi.
JINOYaT JAVOBSIZ QOLMADI!
Sud qarorlariga ko`ra, huquqbuzarlarga nisbatan tegishli jazo choralari qo`llanilib, vaqtincha olib qo`yilgan uyali aloqa vositalari xavfsizlik talablariga javob bermaganligi sababli belgilangan tartibda yo`q qilingan.
MA`LUMOT UChUN
O`zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan 1998 yil 9 noyabrda 526-son bilan davlat ro`yxatidan o`tkazilgan “O`zbekiston Respublikasi hududiga radioelektron vositalarva yuqori chastotali qurilmalarnikeltirish to`g`risidagi Tartibi”ga ko`ra respublikamiz hududiga olib kirilayotgan radioelektron vositalar va yuqori chastotali qurilmalarning bojxona rasmiylashtiruvi O`zbekiston Respublikasi Axborot texnologiyalari va kommunikasiyalarini rivojlantirish vazirligining ruxsati bilan amalga oshiriladi. Shuningdek, mazkur tartibda ushbu ruxsat bilan olib kiriladigan jami sakkiz turdagi radioelektron vositalar va yuqori chastotali qurilmalar keltirilgan bo`lib, uyali aloqa vositalari (telefonlar) ham shular jumlasiga kiradi.
RAQAMLARGA MUROJAAT QILSAK
Toshkent shahar bojxona boshqarmasi Axborot xizmati taqdim etgan ma`lumotlarga ko`ra, 2016 yil davomida Toshkent shahar bojxona boshqarmasi xodimlari tomonidan aniqlangan 24 ta qonunbuzarlik holatlarida qiymati 16 mln. so`mdan ortiq bo`lgan salkam 900 ta radioelektron vositalar va yuqori chastotali qurilmalarning noqonuniy olib o`tilishiga chek qo`yilgan.
Barno MADALIEVA tayyorladi






