AsosiyJamiyat

​NOXUSh ILLATLARDAN UZOQROQ BO`LAYLIK

'​NOXUSh ILLATLARDAN UZOQROQ BO`LAYLIK'ning rasmi

Dunyo kun sayin taraqqiy etmoqda, ilm-fan, texnika va texnologiyalar tobora rivojlanmolqda. Biroq, insoniyat kelajagiga tahdid solib turgan muammolar qamrovi ham kengayishda davom etayotir. Bu esa, har birimizdan hushyorlik, sergaklik va ogohlikni oshirishni talab etadi.

DOLZARB MAVZUDAGI MUNOZARA

O`zbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligi tashabbusi bilan poytaxtimizdagi harbiy qismlardan birida o`tkazilgan “Sog`lom turmush tarzi – go`zal hayot kafolati” mavzusidagi tadbirda ham bu boradagi masalalarga atroflicha to`xtalib o`tildi. Unda harbiy qism xizmatchilari, tegishli tashkilot va idoralarning mas`ul xodimlari, ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etishdi.

Unda Toshkent shahar Narkologiya dispanseri narkolog-shifokori Mamalatif Vohidov, Respublika OITS markazi epidemiolog-shifokori Akmal Ochilov, mayor Shodiboy Nizomov va boshqalar dunyo miqyosida va mamlakatimizda bu muammolarni oldini olish borasida qilinayotgan ishlar, har birimizning oldimizda turgan vazifalar haqida to`xtalib o`tishdi.

Ta`kidlanganidek, bugungi kunda mamlakatimizda aholining salomatligini mustahkamlash, tibbiy xizmat sifatini oshirish, onalik va bolalikni muhofaza qilish, sog`lom turmush tarzini keng targ`ib etish borasida keng qamrovli ishlar bajarilmoqda. Shu bilan birgalikda, xalqimiz, ayniqsa yoshlar o`rtasida kashandalik, ichkilikbozlik, giyohvandlik singari illatlarga qarshi kurashish bo`yicha muhim chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda.

BARChAMIZ OGOH BO`LIShIMIZ KERAK

Bunday illatlar domiga ilinmaslik uchun har bir insonning o`zida, ayniqsa yoshlarimizda mustaqil fikr, ichki immunitet, ma`naviy poydevor, etarlicha bilim va ko`nikmalar bo`lishi lozim. Bu borada har bir ota-onadan, mahalla faollaridan, ta`lim-tarbiya muassasalari xodimlaridan alohida mas`ulyat talab etiladi.

Ma`lumki, kashandilik, ichkilikbozlik, giyohvandlik, OITS singari illatlar ko`rinmas rishtalar orqali bir-biri bilan chambarchas bolangan bo`ladi. Giyohvandlikka mubtalo bo`lganlarning aksariyati ilgari kashandalik yoki ichkilikbozlik “ta`mi”ni totib ko`rgan bo`lishadi. OITSga chalinganlarning ko`pchiligini esa, giyohvandlar tashkil etadi. Shu bois ularni bir-biridan ayro holda tasavvur etish qiyin.

Anjumanda mazkur muammolarga qarshi kurashda ommaviy axborot vositalari oldidagi vazifalar haqida ham to`xtalib o`tildi. Mamlakatimizdagi tele va radiokanallar, davriy nashrlar, internet saytlari ham kashandalik, ichkilikbozlik, giyohvandlik hamda ularning oqibatlari borasida muttasil bong urib kelmoqda.

GIYoHVANDLIK –ASR VABOSI

Bugungi kunda narkotik vositalar savdosiga qarshi kurash global miqyosda davom etayotgan bo`lsa-da, bu mash`um illat hamon bani bashar uzra o`z mash`um ko`lankasini solib turibdi. Har yili yuz minglab insonlar giyohvandlik qurboniga aylanishmoqda.

Ushbu baloi azimning oldini olish, narkotik vositalarining noqonuniy aylanishi va savdosiga qarshi kurash borasida mamlakatimizda olib borilayotgan ishlar e`tirofga sazovor. O`zbekistonda har yili musodara qilingan giyohvand moddalar keng jamoatchilik ko`z o`ngida yo`q qilinmoqda. Birgina o`tgan 2016 yilning o`zida 1438 kilogramm giyohvand moddaning kuli ko`kka sovrildi. 1994 yildan to hozirga qadar yurtimizda 55,4 tonna giyohvand modda ana shu tartibda yo`q qilingan.

Albatta bu raqamlar bir qaraganda yaxshi. Ikkinchi tomondan bunday xatti-harakatlar hamon to`xtamayotgani g`oyatda achinarlidir.

“O`Z SOG`LIG`INGNI O`ZING ASRA!”

OITS/OIV giyohvandlik, nosog`lom turmush tarzi, fahsh va axloqiy buzuqlik sababli vujudga keladigan kasallik ekaniligi allaqachon isbotini topgan. Shuningdek, ushbu kasallik sog`lom insonga bemorning qoni orqali, tug`ilajak homilaga ona orqali o`tishi ham aniqlangan.

- Statistik ma`lumotlarga ko`ra, har kuni dunyo miqyosida 7000 dan ortiq, har 12 soniyada esa, bir kishi OIV infeksiyasiga chalinmoqda, - deydi mazkur harbiy qism xizmatchisi, tibbiy xizmat mayori Shodiboy Nizomov. – Bu esa, har birimiz imkon qadar OITS/OIVga olib boruvchi xatarli omillardan yiroq bo`lishimiz, sog`lom turmush tarziga izchil amal qilishimiz lozimligini taqozo etadi. Mazkur tadbirlarni o`tkazishdan maqsad harbiy xizmatchilarning ham bu boradagi bilim va ko`nikmalarini oshirish, ularni yanada ogoh va sergak bo`lishga, kelgusida ham bunday jirkanch odatlardan, noxush illatlardan uzoqroq bo`lishga chorlashdan iboratdir.

Tadbirda kashandalik va ichkilikbozlik ham inson salomatligi, oiladagi muhit, jamiyat barqarorligiga raxna soluvchi illatlardan ekanini ta`kidlandi. Bu illatlar ham har yili millionlab insonlarning hayot bilan erta vidolashuviga, oilalarning parokanda bo`lishiga sabab bo`layotir. Shu bois, xalqimiz, xususan yosh avlod vakillari ichish va chekishning zararli oqibatlaridan etarli darajada xabardor bo`lishlari lozim.

Tadbir davomida ushbu illatlarning ayanchli oqibatlarini o`zida aks ettiruvchi videolavhalar namoyish etildi. Ishtirokchilar o`zlarini qiziqtirgan savollarga javob olishdi.

R.Jabborov

Boshqa yangiliklar