Jomboy tumanida paxta maydonlari keskin qisqartirilib, g`alla, meva-sabzavot, poliz mahsulotlari etishtirish, bog`dorchilikni rivojlantirish, zamonaviy issiqxona xo`jaligini yo`lga qo`yishga alohida e`tibor qaratilmoqda, deb yozadi O`zA.
Samarqand viloyatidagi intensiv bog`larning katta qismi Jomboy tumani hissasiga to`g`ri keladi. Sabzavot mahsulotlari etishtirish va uni qayta ishlash, yangi turdagi qishloq xo`jalik ekinlari parvarishlash borasida ham tumanda boy tajriba to`plangan. O`tgan yili tumanda Gollandiyaning “Beyo-Zaden” va Ukrainaning “Gelios-1” kompaniyalari bilan hamkorlikda intensiv usulda sabzavot etishtirish bo`yicha tajriba almashildi.
2016 yilda tumandagi “Maroqand meva-sabzavot” fermer xo`jaligida 350 gektar maydonda pomidorning intensiv navlari yangi usulda ekilib, parvarishlandi. Italiyadan keltirilgan maxsus seyalka yordamida urug` tarzida ekilgan pomidorning gektaridan o`rtacha 80 tonnadan hosil olindi.
“Keyingi yillarda yurtimizda pomidor etishtirishda turli o`simlik kasalliklari tufayli murakkabliklarga duch kelinmoqda, – deydi “Maroqand meva-sabzavot” fermer xo`jaligi ish yurituvchisi I.Tursunov. – Yangi usulda pomidor etishtirish bunday holatlarning oldini olish, er va suvdan unumli foydalanish, o`g`it tejamkorligiga erishish hamda qo`l mehnatining kamligi bilan bizga ma`qul bo`ldi. Kasallikka chidamli, zararkunandalardan xoli bo`lgan bu pomidor urug`i zarur vositalar bilan ishlov berilgan holda ekildi. Ekin uchun kerakli o`g`it suvga qo`shilib tomchilatib sug`orish texnologiyasi asosida berildi. To`qson kunda pishib etilgan hosil Germaniyadan keltirilgan maxsus kombaynlar yordamida terib olindi va qayta ishlanib, xorijga eksport qilindi. Bu yil xo`jaligimizda yana ham ko`proq maydonda yangi usulda pomidor etishtirish va hosildorlikni 100 tonnaga etkazish rejalashtirilgan”.
Joriy yilda tumanda intensiv bog`larni kengaytirish, yong`oqzorlar tashkil etish va boshqa eksportbop qishloq xo`jalik mahsulotlari etishtirish ko`zda tutilgan.






