Prezidentimizning 2016 yil 31 oktyabrdagi “Aholini dori-darmon vositalari va tibbiyot buyumlari bilan ta`minlashni yanada yaxshilashga doir chora-tadbirlar to`g`risida”gi qarori ijrosi doirasida Samarqand viloyati davlat soliq idoralari tomonidan ham muayyan ishlar amalga oshirilmoqda, deb yozadi O`zA.
Qarorga ko`ra, 2017 yilning 1 yanvaridan chetdan olib kelinadigan, shuningdek, mamlakatimiz ishlab chiqaruvchilaridan sotib olinadigan dori-darmon vositalari, tibbiyot buyumlarini, ularni etkazib berishda ishtirok etuvchi vositachilar sonidan qat`i nazar, ulgurji savdo uchun sotib olingan qiymatidan 15 foizdan, chakana savdo uchun ulgurji narxidan 20 foizdan ortiq bo`lmagan miqdorda cheklangan savdo ustamalari bilan sotish belgilandi.
Ammo mazkur sohada hali-hamon belgilangan tartiblarga zid holatlar, noqonuniy ravishda dori vositalari savdosi bilan shug`ullanish holatlari kuzatilmoqda. Jumladan, viloyat davlat soliq organlari tomonidan yanvar oyida besh holatda davlat ro`yxatidan o`tmasdan, noqonuniy ravishda dori-darmon vositalari savdosi bilan shug`ullanuvchi huquqbuzarlar aniqlanib, ulardan 3,2 million so`mlik dori vositalari olib qo`yildi.
Samarqand shahar davlat soliq inspeksiyasi xodimlarining 28 yanvar kuni o`tkazgan reyd tekshiruvida fuqaro U.Doniyorov hech qanday hujjatsiz, noqonuniy ravishda dori-darmon vositalarini sotayotgani aniqlandi. Undan qiymati 1 million 600 ming so`mlik 53 turdagi dori-darmon vositalari ashyoviy dalil sifatida olib qo`yilgan.
Payariq tumani davlat soliq inspeksiyasi hamda soliq, valyutaga oid jinoyatlarga va jinoiy daromadlarni legallashtirishga qarshi kurashish bo`limi xodimlarining 30 yanvar kuni hamkorlikda o`tkazgan tadbirida “Payariq dehqon bozori” mas`uliyati cheklangan jamiyatining Davtepa filialida fuqaro D.Sharopov noqonuniy ravishda dori-darmon vositalari savdosi bilan shug`ullanayotgani ayon bo`ldi. Undan tegishli hujjatlar asosida 1 million 752 ming so`mlik 184 turdagi dori-darmon vositalari ashyoviy dalil sifatida olingan.
Aniqlangan holatlar bo`yicha huquqbuzarlarga nisbatan tegishli javobgarlik choralari qo`llanildi.






