Kecha, 19 fevral kuni Sapporoda VIII qishki Osiyo o`yinlarining tantanali ochilish marosimi bo`lib o`tdi. Bu haqda O`zbekiston Milliy olimpiya qo`mitasi matbuot xizmati xabar bermoqda.
Mazkur marosim Sapporo Doum (Sapporo Dome) stadionida tashkil etildi. Ushbu arena 2002 yilda futbol bo`yicha jahon chempionati uchrashuvlariga ham mezbonlik qilgan. Tantanali ochilish marosimidan avval Sapporoda O`zbekiston bayrog`ini ko`tarish tantanali marosimi o`tkazildi. Demak, qishki Osiyo o`yinlarida yurtimiz bayrog`i ham hilpiray boshladi.

VIII qishki Osiyo o`yinlari 19 – 26 fevral kunlari Yaponiyaning Sapporo va Obixiro shaharlarida bo`lib o`tadi. Musobaqalarda ishtirokchilar sportning 11 ta turi bo`yicha bellashadilar. Bular: xokkey, biatlon, kyorling, figurali uchish, short-trek, konkida yugurish, tog` chang`i sporti, chang`i poygasi, fristayl, snoubord va tramplindan sakrash sport turlaridar. Obixiroda faqat konkida yugurish bo`yicha musobaqalar tashkil etilsa, boshqa barcha sport turlari bo`yicha bahslar Sapporoda o`tkaziladi.
Qishki Osiyo o`yinlarida jami 32 ta mamlakatdan tashrif buyurgan 1200 nafar sportchilar ishtirok etishadi. E`tiborli jihati Osiyoning 30 ta mamlakati qatorida bu safar Okeaniya mintaqasi vakillari – Avstraliya va Yangi Zelandiya terma jamoalari ham musobaqada mehmon sifatida qatnashishadi. Faqat ushbu mintaqa vakillari medallar uchun kurash olib borishmaydi.

Bu safargi qishki Osiyo o`yinlarida O`zbekiston sharafini figurali uchish bo`yicha terma jamoamiz a`zosi Misha Ge himoya qiladi. U o`z ishtirokini 24 fevralda boshlaydi. Shu kuni qisqa dastur bo`yicha musobaqalar Toshkent vaqti bilan soat 14:05da boshlanadi. 26 fevral kuni Toshkent vaqti bilan soat 08:00da erkin dastur bo`yicha bellashuvlar o`tkazalib, hamyurtimiz ushbu bahslarda ham qatnashishi rejalashtirilgan.

Shuningdek, 26 fevral kuni Makomanay muz saroyida musobaqalarning tantanali yopilish marosimi o`tkaziladi.






