O`zbekiston ayollar terma jamoasi shu yilning 7 va 12 mart kunlari BAA bilan ikkita o`rtoqlik uchrashuvi o`tkazadi. Bu haqda O`FF matbuot xizmati xabar berdi.
Birlashgan arab amirliklarida bo`lib o`tadigan mazkur o`rtoqlik o`yinlari har ikki terma jamoa uchun Osiyo Kubogi–2018 saralash bosqichiga tayyorgarlik vazifasini o`taydi.
O`zbekiston ayollar terma jamoasi Osiyo Kubogi–2018 saralash bosqichi “B” guruhidan joy olgan bo`lib, final bosqichiga chiqish uchun Janubiy Koreya, Gonkong, Hindiston va KXDR ayollar termasiga qarshi bahs olib boradi.
BAA saralashning “A” guruhidan o`rin olgan bo`lib, final bosqichi yo`lida Iordaniya, Filippin, Bahrayn, Iroq va Tojikiston ayollar terma jamoasiga qarshi kuch sinashadi.
Ma`lumot uchun, O`zbekiston ayollar terma jamoasi FIFA reytingida 42-o`rinda (1540 ochko) bormoqda. BAA ayollar termasi 1280 ochko bilan 78-pog`onani band qilgan.






