AsosiyJamiyat

​O`zbekistonda jurnalistlarning kasb axloq kodeksi ishlab chiqilmoqda

'​O`zbekistonda jurnalistlarning kasb axloq kodeksi ishlab chiqilmoqda'ning rasmi

Jurnalistlar kasb taqozosiga ko`ra barcha sohalarning ichiga kiradi, ma`lumot oladi, surishtiruv o`tkazadi, o`z munosabatini bildiradi, ommaga tarqatadi. Sohalar rivoji, islohotlar natijasini yoritish bilan birga kamchiliklarni fosh etadi, aybdorlarni tanqid ostiga oladi. Bu ulardan ulkan mas`uliyatni, yuksak ma`naviyatni talab etadi, deb yozadi O`zA.

O`zbekiston Mustaqil bosma ommaviy axborot vositalari va axborot agentliklarini qo`llab-quvvatlash va rivojlantirish jamoat fondi, Jurnalistlarni qayta tayyorlash markazi, YuNESKOning mamlakatimizdagi vakolatxonasi va ommaviy axborot vositalari tomonidan ishlab chiqilayotgan O`zbekiston jurnalistlarining kasb axloq kodeksida ana shu talablar o`z ifodasini topadi.

YuNESKOning O`zbekistondagi vakolatxonasida mazkur kodeks loyihasi muhokamasiga bag`ishlangan davra suhbati o`tkazildi. Unda O`zbekiston Jurnalistlari ijodiy uyushmasi, axborot agentliklari, ommaviy axborot vositalari vakillari qatnashdi.

“Ko`plab mamlakatlarda jurnalistlarning kasb axloq kodekslari ishlab chiqilgan. Albatta, har bir kodeks o`ziga xos xususiyatlarga ega, lekin ularning asosiy tamoyillari deyarli bir xil: xolislik va haqqoniylik, betaraflik, halollikka amal qilish, axborotning ishonchliligini ta`minlash, axborot manbalarining maxfiyligini saqlash, inson huquq va erkinliklari, shaxs qadr-qimmatini hurmat qilish. Ilg`or xorijiy tajribalarni o`rganib, o`zbek milliy jurnalistikasi uchun axloq kodeksini yaratish soha rivojiga sezilarli ijobiy ta`sir ko`rsatadi” , – deydi YuNESKOning O`zbekistondagi vakolatxonasi rahbari Krista Pikkat.

Kodeks loyihasi jurnalistning kasb majburiyati, ijtimoiy mas`uliyati, halollik va betaraflik, axborotning ishonchliligi va xolisligi, axborot manbalari va ularning maxfiyligi, inson huquq va erkinliklari, shaxs qadr-qimmatini hurmat qilish, halol raqobat, jurnalistlarning kasb faoliyatini himoyalash, jurnalist etikasi prinsiplari va normalarini buzganlik uchun javobgarlikni o`z ichiga oluvchi to`qqiz bo`limdan iborat.

Davra suhbatida soha vakillari o`zlarini qiziqtirgan masalalar yuzasidan fikr almashdi. Loyihani takomillashtirish bo`yicha takliflar bildirildi.

Boshqa yangiliklar