AsosiyJamiyat

Toshkent boks bo`yicha Osiyo chempionatiga mezbonlik qiladi

'Toshkent boks bo`yicha Osiyo chempionatiga mezbonlik qiladi'ning rasmi

Joriy yilning 30 aprel – 7 may kunlarida poytaxtimizda boks bo`yicha Osiyo chempionati bo`lib o`tadi. Bu xaqdagi qarorni Osiyo boks Konfederasiyasi Ijroiya qo`mitasi qabul qildi. Bu haqda MOQ matbuot xizmati xabar bermoqda.

Qit`a boksining bir qator yulduzlari ishtirok etadigan mazkur musobaqada 1977 yildan 1998 yilgacha tug`ilgan sportchilar qatnashishlari mumkin. Ma`lumki Osiyo boks maktabi jahonda o`z o`rni va nufuziga ega. Buni Rio-2016 Olimpiya o`yinlari ham yana bir bor ko`rsatib berdi.

Ta`kidlash kerakki, boks bo`yicha birinchi Osiyo chempionati 1963 yilda Tailand poytaxti Bangkokda bo`lib o`tgan. O`sha musobaqada Yaponiya terma jamoasi anchagina muvaffaqiyatli ishtirok etganligini e`tirof etish kerak. E`tiborlisi so`nggi Osiyo chempionati xam Tailandda o`tkazildi. 10 kun davom etgan musobaqada Qozog`iston terma jamoasi beshta oltin medal bilan umumjamoa xisobida 1-o`rinni egallagan. Shuningdek ushbu chempionatda O`zbekiston va Tailand terma jamoalari xam muvaffaqiyatli qatnashishgan.

Xabaringiz bor, Toshkent 2015 yilda o`smirlar o`rtasida Osiyo chempionatiga mezbonlik qilgan va ushbu musobaqa tashkiliy jixatdan katta muvaffaqiyat bilan o`tkazilgandi. Qolaversa o`tgan yilgi mavsumda poytaxtimiz boks olamida eng nufuzli musobaqaga aylanib borayotgan The World Series Boxing (WSB) - Butunjahon boks seriyalarining VI mavsumi uchrashuvlarini qabul qildi va mazkur turnir ham yuqori saviyada tashkil etildi. Osiyo boks Konfederasiyasining kattalar o`rtasidagi qit`a chempionati mezbonligini bizga ishonib topshirishida aynan shu omillar hal qiluvchi ahamiyat kasb etdi.

Rio-de-Janeyroda bo`lib o`tgan XXXI yozgi Olimpiya o`yinlarida boks bo`yicha O`zbekiston terma jamoasi 7 ta medalga sazovor bo`lib nafaqat Osiyoda balki butun jaxonda bu borada eng yaxshi natijani ko`rsatdi. Darvoqe, Olimpiya o`yinlari chempionlari Hasanboy Do`smatov va Shahobiddin Zoirovlar ham Toshkentda bo`lib o`tadigan Osiyo chempionatida ishtirok etishlari kutilmoqda.

Mazkur Osiyo chempionati shuningdek 2017 yilda Germaniyaning Gamburg shahrida bo`lib o`tadigan jahon chempionatiga saralash turniri vazifasini o`tab beradi. Jahon chempionatida Osiyo uchun 60 ta o`rin ajratilgan bo`lib, har bir vazn toifasida 6 tadan eng yaxshi bokschilar unda ishtirok etish xuquqini qo`lga kiritishadi.

So`nggi yillarda Osiyoda boks yanada rivojlanganligiga guvoh bo`lishimiz mumkin. Bu borada jahon boksida ham o`z nufuz va obro`siga ega O`zbekiston va Qozog`iston terma jamoalaridan tashqari shuningdek, Hindiston, Xitoy, Janubiy Koreya, Mo`g`iliston, Tailand, Yaponiya, Filippin, Qirg`iziston, Eron, Tojikiston, Xitoy Taypeyi, Turkmaniston, Iordaniya, KXDR, Suriya, Malayziya, Vetnam, Shri-Lanka, Iroq va Indoneziya kabi mamlakat sportchilari ham bugungi kunda bemalol sovrinli o`rinlarga da`vorgarlik qila olishadi. Bir so`z bilan aytganda Toshkentda bo`lib o`tadigan Osiyo chempionati har jihatdan keskin va murosasiz ruhda o`tib, hayajonli lahzalarga boy bo`lishi turgan gap.

Boshqa yangiliklar