O`zbekiston Respublikasi Xalq ta`limi vazirligi tomonidan o`tkazilayotgan «Yilning eng yaxshi chet tili o`qituvchisi» ko`rik-tanlovi g`oliblari yaqinda Buyuk Britaniyaning nufuzli oliy o`quv yurtlarida malaka oshirib qaytdi, deb xabar beradi O`zA.
Mamlakatimizda yosh avlodning zamonaviy kasb-hunar sirlarini o`rganishi barobarida, chet tillarni mukammal o`zlashtirishiga alohida e`tibor qaratilmoqda.
Birinchi Prezidentimiz Islom Karimovning 2012 yil 10 dekabrdagi “Chet tillarni o`rganish tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to`g`risida”gi qarori bunday yigit-qizlar safini yanada kengaytirish, ularning xalqaro ko`lamda ilm olishga bo`lgan qiziqishini rag`batlantirish, xorijiy tillarni bilish darajasini yuksaltirishda muhim dasturilamal bo`lmoqda.
Buyuk Britaniyaning Glazgo Kaledonian universiteti nufuzli ta`lim muassasalaridan biri bo`lib, u erga dunyoning barcha burchaklaridan malaka oshirish kurslariga tinglovchilar keladi. Universitetning tajribali mutaxassislari va professorlari tomonidan o`qituvchilarimizga dars jarayonidagi til terminlari, talaffuz ustida ishlash, chet tilini o`rgatishda autentik materiallardan foydalanish va dars o`tishning boshqa samarali usullari haqida ma`lumot berildi.
Tajriba almashish jarayonida CEFR (Chet tilini egallashning umumevropa talablari) tizimi va uning O`zbekistonda joriy etilishi yuzasidan fikr almashildi.
Dars o`tishning kichik guruhlar bilan ishlash, o`qitishning kommunikasion metodlaridan foydalanish, chet tilida muloqotga kirishish kabi usullari iboralar va rolli o`yinlar orqali o`rgatildi.
O`zbekistonlik ingliz tili o`qituvchilari Glazgo shahrida joylashgan Glazgo akademiyasi va maktablarda bo`lib, mamlakatimiz hayotiga oid taqdimotlar o`tkazdi.
Malaka oshirish kursi yakunida O`zbekiston o`qituvchilariga xalqaro sertifikatlar topshirildi.






