AsosiyJamiyat

​UMS rahbariyati yangilandi

'​UMS rahbariyati yangilandi'ning rasmi

UMS mobil aloqa operatorining bosh direktori Srajitdin Faxrutdinov bo`ldi. Bu haqda “Gazeta.uz” xabar bermoqda.

Srajitdin Faxrutdinov — Toshkent elektrotexnika aloqa instituti bitiruvchisi (1978−1983 yy.), ixtisosligi bo`yicha aloqa muhandisi. UMS bosh direktori lavozimiga tayinlanishidan oldin «O`zbektelekom» AK tarkibiga kiruvchi, telekommunikasiya uskunalarini ishlab chiqaruvchi, aloqa va telekommunikasiya tizimlarida foydalanishga mo`ljallangan elektron-texnik mahsulotlarini mamlakatimizda tadqiq qilish, loyihalashtirish va ishlab chiqarishga ixtisoslashgan korxona TELMAX ELECTRONIKS MChJga rahbarlik qilgan. Avvalroq «Koinot» OAJni ham boshqargan.

«Ikki yildan ko`proq faoliyati davomida UMS rivojlanishning zarur pog`onasiga etdi va qat`iy raqobat sharoitida aholiga kerakli mahsulot va xizmatlarni taqdim etib kelmoqda. Kompaniya o`z rivojlanish strategiyasini amalga oshirishni davom etadi va O`zbekiston hududlariga kirib borishni kengaytirish, aloqa va internet sifatini yanada oshirish, mijozlarbop takliflarni ishlab chiqish va joriy qilishga alohida e`tibor qaratadi. Ishonchim komilki, o`z ishining professionallaridan tashkil topgan jamoa bilan nafaqat belgilangan marralarni egallaymiz, balki bardavom rivojlanish uchun asos yaratamiz», — deya izoh berdi Srajitdin Faxrutdinov.

UMS MChJning texnik direktori etib Sobir Aripov tayinlandi.

Sobir Aripov Toshkent elektrotexnika aloqa institutini «Telekommunikasiyalar» ixtisosligi bo`yicha bitirgan (1996−2002 yy.). UMS MChJga kelishidan avval Huawei Tech Investment Tashkent MChJ direktor o`rinbosari bo`lib ishlagan. Har xil yillar davomida kompaniyaning biznes-rejalashtirish bo`yicha bo`lim, marketing yo`nalishiga rahbarlik qilgan. Undan avval Huawei Technologies (XXR) kompaniyasining vakolatatxonalarini ochish hamda Markaziy Osiyo va Sharqiy Evropa mamlakatlarida biznesni rivojlantirish bo`yicha mutaxassis bo`lib ishlagan.

«O`tgan yillar davomida UMS baza stansiyalari sonini keskin ko`paytirdi, respublika bo`yicha xizmat ko`rsatish doiralarini kengaytirdi va bu orqali mobil aloqaning yuqori sifatini ta`minladi. Hozirgi kunlarda kompaniya texnik jihatdan juda katta marralarga erishishni ko`zlamoqda. Tarmoq radioqamrovi hududini yanada kengaytirish va xizmatlarimizdan iloji boricha ko`proq aholi foydalana olishga sharoit yaratish bo`yicha keng qo`lamdagi dastur amalga oshirilmoqda. Shu bilan birga tarmoqni rivojlantirish uchun eng zamonaviy texnologiyalarni tatbiq qilish, tarmoqqa tushayotgan og`irlik ortayotgan sharoitda ovozli aloqa va ma`lumotlar uzatish sifatini yaxshilash ishlari davom etmoqda», — deya ta`kidladi Sobir Aripov.

Universal Mobile Systems kompaniyasi 2014 yilning 1 dekabrida tijoriy faoliyat boshlagan. Kompaniya ta`sischisi -O`zbekiston Respublikasi Axborot texnologiyalari va kommunikasiyalarini rivojlantirish vazirligi qoshidagi «Radioaloqa, radioeshittirish va televidenie» DUK.

    Boshqa yangiliklar