AsosiySport

"Lokomotiv" nazorat o`yinida Ukraina klubiga engildi

'"Lokomotiv" nazorat o`yinida Ukraina klubiga engildi'ning rasmi

Yangi mavsumga tayyorgarlikning muhim bosqichlaridan birini Antaliyada o`tkazgan “Lokomotiv” ikki hafta ichida to`rtta o`rtoqlik uchrashuvida maydonga tushdi.

“Temiryo`lchilar” dastlab Turkmanistonning “Oltin Asr” klubini 1:0 hisobida mag`lub etishdi. Ikkinchi uchrashuvda Bosniya va Gersegovinaning “Saraevo” klubi bilan 1:1 hisobida durang o`ynaldi. Keyingi ikki bellashuvda esa "temiryo`lchilar" imkoniyatni boy berdi. “Lokomotiv” Qozog`istonning “Ordabasi” klubiga 1:2, va oxirgi o`yinda Ukrainaning “Zarya” klubiga 0:1 hisobida mag`lub bo`ldi.

Albatta, o`rtoqlik uchrashuvlaridan ko`zlangan maqsad jamoaning mavsumga tayyorgarligini ko`zdan kechirib olish bo`lgani uchun bunda natija katta rol o`ynamadi. “Lokomotiv” bugun “Zarya”ga qarshi to`p surdi.

Uchrashuvning birinchi taymi “Loko” ustunligida kechdi. Jamoamizda ikki-uch bor gol urish imkoniyati yuzaga keldi. Tanaffusdan so`ng esa tashabbus ko`proq ukrainlar tomonida bo`ldi. 84-daqiqada “Zarya” futbolchisi Artem Suxoskiy to`p kiritib hisobni ochdi. Va yakunda bu gol oxirigacha saqlanib qoldi.

Umuman olganda, ikkinchi xorij yig`ini haqida gapiradigan bo`lsak, Turkiyadagi mashg`ulotlar yaxshi saviyada kechdi. Futbolchilarimiz har bir mashg`ulotda ter to`kib mehnat qilishdi. Endi buyog`iga “Lokomotiv”ni juda qiziqarli va uzoq mavsum kutib turibdi. Jamoamiz bu yil ham o`zi ishtirok etadigan har uchala musobaqada (O`zbekiston chempionati, O`zbekiston Kubogi va Osiyo chempionlar ligasi) birinchi o`rinni qo`lga kiritish maqsadida kurash olib boradi.

Buning uchun jamoamizda kuch va salohiyat, shuningdek iqtidorli futbolchilar etarli. “Temiryo`lchilar” oldida turgan birlamchi vazifa 20 va 27 fevral kunlari bo`lib o`tadigan “Al Taavon” hamda “Al Ahli” bilan kechadigan o`yinlarda ijobiy natija qayd etish hisoblanadi. Bu borada jamoamizga omad tilab qolamiz.

O`rtoqlik uchrashuvi. 12 fevral
LOKOMOTIV – ZARYa 0:1
Gol: Artem Suxoskiy, 84.

“Lokomotiv” tarkibi:
Ma`mur Ikromov
Salim Mustafoev (Farrux Ibrohimov, 72)
Sherzod Fayziev (Muhammad Kone, 65)
Kaxi Maxaradze
Islom To`xtaxo`jaev
Timur Kapadze
Quvondiq Ro`ziev (Salamat Qutiboev, 46)
Oleg Zoteev (Shuhrat Muhammadiev, 65)
Sardor Mirzaev (Diyor Turopov, 65)
Jaloliddin Masharipov
Murod Bobojonov (Marat Bikmaev, 46)

Boshqa yangiliklar