O`zbekiston milliy terma jamoasi Turkiya yig`inidagi ilk o`rtoqlik uchrashuvida Rossiyaning “Amkar” klubini 1:0 hisobida mag`lub etdi.
Samvel Babayan bosh murabbiyligidagi O`zbekiston milliy terma jamoasi Antaliya shahridagi yig`in doirasida Rossiya Premer-Ligasi vakili “Amkar” klubiga qarshi o`rtoqlik o`yinida maydonga tushdi. O`yinning 20-daqiqasida Igor Sergeev tomonidan kiritilgan gol O`zbekiston terma jamoasiga uchrashuvda kichik hisobda g`alaba keltirdi.
Avvalroq xabar berilganidek, Antaliya shahrida 12 fevral kuniga qadar yig`in o`tkazadigan milliy terma jamoa 11 fevral kuni shuningdek, Armanistonning “Alashkert” klubiga qarshi yana bir o`rtoqlik o`yinida maydonga tushadi.
Eslatib o`tamiz, JCh-2018 saralashi ikkinchi davra o`yinlariga tayyorgarlik ko`rayotgan O`zbekiston terma jamoasining Turkiyadagi yig`iniga 24 nafar futbolchi jalb etilgan. Milliy terma jamoa darvozaboni Eldor Suyunov hamda yarim himoyachi Ikrom Aliboev jarohat olganliklari bois, ushbu yig`inni o`tkazib yuborishadi.
O`rtoqlik o`yini, 10 fevral
Antaliya, Turkiya.
O`zbekiston MTJ – Amkar (Rossiya) – 1:0.
Gol: Igor Sergeev (20).
O`zbekiston MTJ: A. Lobanov (c), S. Andreev, R. Ashurmatov, I. To`xtaxo`jaev, D. Xoshimov, S. Qutiboev, A. Ahmedov, J. Iskanderov, E. Shomurodov, M. Bikmaev, I. Sergeev.
“Amkar”: Xomich, Konde, Zanev, Zaysev, Gigolaev, Milkovich, Ogudya, Komolov, Gol, Kostyukov, Bodul.






