O`zbekiston Respublikasi Prezidentining saylovoldi uchrashuvlarida qo`shni mamlakatlar bilan barcha sohalarda do`stona aloqalarni kuchaytirish orqali xalqlar o`rtasidagi mehr-oqibat, qon-qardoshlik rishtalarini yanada mustahkamlash to`g`risida alohida fikrlar bildirilgan edi. Madaniyat va sport ishlari vazirligi tomonidan ham bu borada bir qator ishlar rejalashtirilgan va amalga oshirilmoqda, deb xabar beradi vazirlik rasmiy sayti.
Bugun Qirg`iziston Respublikasi O`sh shahrida joylashgan Zahiriddin Muhammad Bobur nomidagi o`zbek musiqali drama teatrining ijodiy jamoasi Andijon viloyatining "Do`stlik” chegara postida Madaniyat va sport ishlari vaziri F.Juraev boshchiligidagi o`zbekistonlik san`at va madaniyat namoyondalari tomonidan kutib olindi.
O`zbekiston Respublikasi va Qirg`iziston Respublikasining chegara oldi hududlari o`rtasidagi ikki tomonlama aloqalarni yanada kengaytirish, aholi, ayniqsa yoshlarni Qirg`iziston teatr san`atining namunalaridan bahramand etish hamda ijodiy hamkorlikni kengaytirish maqsadida tashkil etilgan ijodiy tashrif 17 fevralgacha davom etadi.
Ijodiy safar davomida Bobur nomidagi o`zbek musiqali drama teatrining "Aykol Manas” spektakli joriy yilning 10-12 fevral kunlari Andijon viloyati musiqali drama teatrida, 13-14 fevral kunlari Namangan viloyati musiqali drama teatrida hamda Farg`ona viloyati teatr-konsert saroyida 15-17 fevral kunlari o`tkaziladi.
Gastrol safari davomida teatrlarda qirg`iz hamda o`zbek san`ati namoyoyandalari o`rtasida ijodiy uchrashuv va davra suhbatlarini tashkil etiladi.






