2017 yil 7-8 fevral kunlari Din ishlari bo`yicha qo`mita O`zbekiston musulmonlari idorasi bilan hamkorlikda “Umra-2017” bahor mavsumiga tayyorgarlik ko`rish bo`yicha qilinayotgan ishlar doirasida umrachilarimiz guruhlariga rahbarlik qiluvchi guruhboshilari uchun seminar o`tkazildi.
Seminarda respublikaning Farg`ona vodiysidan boshqa barcha viloyatlardan guruhboshilar ishtirok etdilar.
Seminarda mas`ullarga Toshkentdan Saudiya Arabistoni va Toshkentga qaytguncha bo`lib o`tadigan barcha tadbirlar to`g`risida batafsil ma`lumotlar berildi. Shuningdek, seminarda ishtirok etgan shifokorlar guruhi rahbari ham umrachilarga etkazilishi lozim bo`lgan tibiy tavsiyalar to`g`risida ham alohida ma`lumotlar berib o`tdi.
Respublika «Haj» va «Umra» tadbirlarini tashkil etish va o`tkazish masalalari bo`yicha Jamoatchilik kengashi tavsiyalari bilan tashkil etilgan mazkur mavsum davomida 5350 nafar fuqarolarning umra ziyoratiga borishi rejalashtirilgan.
Bu mavsum davomida ziyoratchilarga Saudiya Arabistonida 8 nafar ishchi guruh, 8 nafar oshpaz va 27 nafar shifokorlar guruhi xizmat ko`rsatadi.
O`n kunlik umra safari davomida o`zbekistonlik ziyoratchilar Madina shahrida 3 kun bo`lib, «Nur Mavadda» mehmonxonasida istiqomat qilishi rejalashtirilgan. Makka shahrida esa Haram masjididan 500-600 metr masofada joylashgan «Abroj Kisva» mehmonxonasi ziyoratchilarni kutib olishga shay holatga keltirilgan bo`lib, umrachilar u erda 7 kun davomida bo`ladilar.
Umra ziyoratiga tayyorgarlik doirasida barcha ziyoratchilarimiz mavsumiy kasalliklarga qarshi emlanib, davlat ramzi tushirilgan kamzul va sumkalar bilan ta`minlanadi. Safar oldidan ularga umra safarining mohiyati, uni ado etishga doir masalalar guruh rahbarlari tomonidan tushuntirish ishlari ham olib boriladi.
Umra ziyoratchilarini Toshkent xalqaro aeroportida Din ishlari bo`yicha qo`mita hamda O`zbekiston musulmonlari idorasi mas`ullari mutasaddi tashkilotlar bilan hamkorlikda kuzatadilar.
O`zbekiston musulmonlari idorasi va «O`zbekiston havo yo`llari» MAK o`rtasidagi kelishuvga ko`ra, «Umra-2017» bahor mavsumi ziyoratchilarini kuzatish 20 fevraldan 1 aprelga qadar davom etadi.






