AsosiyJamiyat

​“XALOYIQ DUOSIGA BOIS, XALLOQ RIZOSIGA SABAB”

'​“XALOYIQ DUOSIGA BOIS, XALLOQ RIZOSIGA SABAB” 'ning rasmi

Hazrat Navoiy ana shunday buyuk sharafga noil bo`lganlar

Hazrat Alisher Navoiyning bunyodkorligi haqida so`zlaganda, biz eng avvalo, bu zot tomonidan yaratilgan bebaho ma`naviy boyliklar – to`rt devondan iborat “Xazoyin ul-maoniy”, bezavol “Xamsa”, haqiqat asrori majoz yo`sinida bayon etilgan “Lison ut-tayr” dostoni, “Nasoyim ul-muhabbat” va “Majolis un-nafois” tazkiralari kabi 32ta ijod namunasini ko`z oldimizga keltiramiz.

O`zbek tilining keng imkoniyatlarini ko`rsatib beruvchi, inson tafakkuri bugungi kunda ham to`liq anglashga ojiz siru sinoatga to`la bu asarlar mana olti asrga yaqindirkim, ilm va adab ahli tomonidan e`zoz va ehtirom, hayrat va ibrat namunasi bo`lib qolmoqda.

Yosh iste`dodlar homiysi

Navoiy asarlarini tushunish, uning dardini anglash, hayot va faoliyatda bu zotga maslakdosh bo`lishlik uchun dastlab uning shaxsi haqida tasavvur hosil qilsak, o`shanda ko`zlangan muddao hosil bo`lajak.

Bilamizki, Hazrat Navoiy faqat betakror shoir va yirik davlat arbobigina emas, balki ma`naviy murabbiy va rahnamo, yoshlarning homiysi va muqavviysi ham edi. “Badoe` ul-vaqoe`”da keltirilishicha, Navoiyning suhbatdoshlari va nadimlarining asosiy vazifasi – yosh iste`dodlarni izlab topish va ularni amiri kabir huzuriga olib kelish edi. G`amxo`r yo`lboshchining bevosita rahnamoligi tufayli yuzlab yoshlar o`z iste`dodini kamol toptirib, o`zlari ustodlik darajasiga etganlar.

Mirzo Boburning guvohlik berishicha, “ahli fazl va hunarg`a Alisherbekcha murabbiy va muqavviy ma`lum emaskim, hargiz paydo bo`lmish bo`lg`ay”. Ayniy domlaning tadqiqi bo`yicha, zamondoshlari tomonidan 53 ta asar bevosita Mir Alisher Navoiyga bag`ishlangan. Bu – hazrat Navoiy tomonidan ellik uchta iste`dodning mehnatini ro`yobga chiqarish va zahmatiga munosib moddiy va ma`naviy rag`batlantirish demak. Bu zotning ko`mak va madadidan turli kasb egalari – shoirlar, olimlar, din arboblari, kosib va hunarmandlar, naqqosh va musavvirlar, xattotlar, hofizlar, musiqachilar... bahramand bo`lib, o`z hunarlarini kamolga etkazish orqali Hirotni fozillar shahriga aylantirganlar.

Bunyodkorlikning benazir namunasi

Bevosita Hazrat Navoiyning shaxsiy mablag`lari va tashabbusi bilan 12 xonaqoh, 53 rabot, 20 hovuz, 10ga yaqin hammom bunyod etilganligiga mo``tabar tarixiy manbalar guvohlik beradi. Navoiy asos solgan madrasalarda zamonning eng ko`zga ko`ringan olimlari mudarrislik etib, talabalar idror (stipendiya) bilan ta`minlangan. Bu madrasalarda shariat ilmidan tashqari tibbiyot, nujum (astronomiya), hikmat, riyoziyot, handasa, mantiq, falsafa kabi dunyoviy bilimlar ham chuqur o`zlashtirilgan. Navoiy himmati bilan bunyod etilgan binoi xayrlar faqat Hirot va uning atrofidagina emas, balki Nishopur, Isfahon, Marv, Mazori Sharif, Balx shaharlarida ham qad rostlagan.

Ochig`ini aytganda, har zamonda ko`ngilning chetida tilga chiqmaydigan bir ishtiboh oralab qoladi: har holda, Navoiy ma`rifatparvar podshoh va shoir Sulton Husayn Boyqaroning yaqin kishisi va do`sti, davlatning ustunlarining biri sifatida ko`plab mol-dunyo sohibi bo`lgan, uning barcha xayrli ishlari sulton tomonidan qo`llab-quvvatlangan. Shu bois, ba`zida uning bunyodkorlik ishlarini tabiiy holat sifatida, xuddi shunday bo`lishi shartdek qabul qilishga ko`nikib qolgandekmiz.

Ammo shuni ham nazarda tutmoq kerakki, hukmdorlarning xayrixohlik va muruvvatidan bahramand bo`lganlarning hammasi ham “xaloyiq duosiga bois va xalloq rizosiga sabab” bo`ladigan ishlarni amalga oshirish uchun harakat qilmaydi. Masalan, Navoiyning zamondoshi – Oqqo`yunlilar saroyining shoiri Qozi Iso tarix mislini ko`rmagan mol-dunyo va izzat-ehtirom sohibi bo`lgan holda o`z takabburligi bilan ijodkorlarni o`zidan va umuman ijod qilishdan bezdirib, kimningdir koriga yarash o`rniga har kuni kamida o`nta g`azal yozishni o`z hayotining mazmuniga aylantirgan ekan. Yoxud Abulqosim Bobur zamonida sadrlik mansabiga etishgan Mavlono Muhammad Muammoiy o`z mansabi va vakolatini suiiste`mol qilib, shuhrat topish maqsadida aslida talabalar va mudarrislar haqi bo`lgan vaqf mablag`lari hisobidan Hofiz Sheroziy qabri ustida katta maqbara qurdirganligi zamondoshlari tomonidan hajv qilingan ekan.

“Ko`pdan-ko`p, ozdan-oz…”

Ma`lum bo`ladiki, faqat moddiy imkoniyatning o`zigina xayrli ishlarni qilishga etarli emas ekan. Navoiy haqiqiy saxovat mol-dunyo ko`payganidan keyingina odamlarning ko`ziga ko`rinarli ishlar qilishni orzu qilmoq emas, balki qo`l qisqa bo`lganda kamroq, boyiganda ko`proq ehson va muruvvat qilishni haqiqiy saxovat deb bilgan. Kimki kambag`alligi davrida himmat ko`rsatmasa, badavlat bo`lganligida ham nokasligicha qoladi, deb ta`lim beradi shoir:

Jud emas ko`p bazl uchun ko`p mol qilmoqlig` havas,

Kim berur ko`pdin-ko`p, ozdin-oz, ani bil judu bas.

Navoiyning bunyodkorlik ishlari, mamlakat tinchligi yo`lida ko`rsatgan jonbozliklari haqida ko`p va xo`b yozildi va bundan keyin ham yoziladi. Bu – faqat iftixor va hayratga sabab bo`ladigan dalillar emas, balki har bir insonni ezgulik sari hidoyat etguvchi da`vat va ibrat maktabi hamdir. Milliy mafkuramizning asosi bo`lmish komil inson g`oyasi deymizmi, Vatan ravnaqi, yurt tinchligi, xalq farovonligi g`oyalari deymizmi – barcha-barchasi ulug` mutafakkir shoirimizning ijodida baland pardalarda tarannum etilgan hamda tiriklikning mazmuni-maslagiga aylangan.

Olimjon Davlatov

    Boshqa yangiliklar