O`zbekiston milliy terma jamoasi JCh–2018 turniriga saralash bosqichi ikkinchi davrasiga tayyorgarlik ko`rish maqsadida Turkiyaning Antaliya shahrida qisqa muddatli o`quv-yig`in mashg`ulotlarini boshlagani haqida xabar berilgandi.
Terma jamoa 12 fevralga qadar mashg`ulotlar o`taydi hamda Rossiyaning “Amkar” (10 fevral) va Armanistonning “Alashkert” (11 fevral) klublariga qarshi nazorat o`yinlarida maydonga tushadi.
O`zbekiston milliy terma jamoasi yarim himoyachisi Ikrom Aliboev va darvozabon Eldor Suyunov jarohatlari sabab mazkur yig`inda ishtirok eta olmaydigan bo`ldi.
“Lokomotiv” yarim himoyachisi klub mashg`ulotlarida jarohat olgan va “temiryo`lchilar”ning safida alohida shug`ullanmoqda. “Nasaf” posboni esa bir muddat avval safdan chiqqandi. Suyunov jarohati sabab “Nasaf”ning “Al-Fath”ga qarshi (0:1) OChL–2017 pley-off uchrashuvini o`tkazib yuborishga majbur bo`lgan edi. Tajribali darvozabon Toshkentda qoldi.
Ta`kidlash joiz, Ikrom Aliboev jarohati sababli 21–24 yanvar kunlari terma jamoaning BAAdagi yig`inida ham ishtirok eta olmagan edi.






