O`zbekiston milliy terma jamoasi JCh–2018 saralash bosqichi ikkinchi davrasiga tayyorgarlik ko`rish maqsadida Turkiyaning Antaliya shahriga etib bordi. Bu haqda O`FF matbuot xizmati xabar bermoqda.
Terma jamoa 12 fevral kuniga qadar o`quv-mashg`ulotlar yig`inini o`tkazadi. Mazkur yig`in doirasida O`zbekiston terma jamoasi ikkita o`rtoqlik uchrashuvi o`tkazadi. 10 fevral kuni Samvel Babayan shogirdlari Rossiya Premer-ligasi vakili “Amkar” klubi bilan, 11 fevral kuni esa Armanistonning “Alashkert” jamoasi bilan kuch sinashadi.
Avvalroq terma jamoa bosh murabbiyi Samvel Babayan Turkiyadagi yig`inga jalb etilgan futbolchilar ro`yxatini e`lon qilgani haqida xabar berilgandi.
Eslatib o`tamiz, JCh–2018 saralash bosqichi “A” guruhi 5-turidan keyin O`zbekiston terma jamoasi 9 ochko bilan uchinchi o`rinda bormoqda. Eron 11 ochko bilan birinchi, Janubiy Koreya esa 10 ochko bilan ikkinchi pog`onada bormoqda.






