Madaniyat va sport ishlari vazirligi tashabbusi bilan suxandonlik va boshlovchilik qobiliyatiga ega bo`lgan yoshlarni aniqlash, ularga har tomonlama ko`maklashish va rag`batlantirish, yosh boshlovchi-suxandonlarning ijodiy salohiyatini amalga oshirish uchun tegishli shart-sharoit yaratish, o`zbek adabiy tilining nufuzini yanada yuksaltirish, yuqori malakali suxandon va boshlovchi kadrlar tayyorlashning barqaror rivojlanishiga ko`maklashish maqsadida respublika "Yosh suxandonlar” tanlovini e`lon qildi.
Tanlov ikki bosqichda tashkil etilib, unda nutq madaniyatini o`zlashtirgan, boshlovchi-suxandonlik qobiliyatiga ega bo`lgan 17 yoshdan 32 yoshgacha bo`lgan yoshlar ishtirok etishlari mumkin.
Tanlovda ishtirok etish uchun arizalar Qoraqalpog`iston Respublikasi Madaniyat va sport ishlari vazirligi, viloyatlar va Toshkent shahri madaniyat va sport ishlari boshqarmalarida 2017 yil 5 dan 18 fevralga qadar qabul qilinadi.
Mamlakatimizda yashab, ijod qilayotgan suxandonlik va boshlovchilik qobiliyatiga ega bo`lgan yoshlarrespublika "Yosh suxandonlar” tanlovida o`z salohiyatlarini yana bir namoyon qilish imkoniyatiga ega bo`ladilar.
G`oliblarga "Diydor” rejissyorlik va aktyorlik mahorati teatr-studiyasi davlat muassasasi huzurida tashkil etiladigan "O`zbek suxandonligi” kursida o`qish, O`zbekiston milliy teleradiokompaniyasi yoki xususiy teleradiokanallarda tegishli faoliyat yuritish uchun tavsiya beriladi.






