Prezident Shavkat Mirziyoev poytaxtimizning Sergeli tumanida bunyod etiladigan «Toshkent metallurgiya zavodi» xorijiy korxonasi qurilish loyihasi bilan tanishdi.
Loyiha qiymati 278 million evroni tashkil etgan mazkur korxonaning ta`sischisi Buyuk Britaniyaning "Quality Trade Supplies L.P." kompaniyasi hisoblanadi.
Umumiy er maydoni 100 gektardan iborat bo`lgan korxonaning qurilish ishlarini yigirma to`rt oyda yakunlash rejalashtirilgan. Zavodga Italiya, Germaniya, Avstriya kabi davlatlarda ishlab chiqarilgan ilg`or va zamonaviy uskunalar keltiriladi. Korxonada avtomobillarga kuzov ishlab chiqarish uchun metall listlar, qurilishda ishlatiladigan turli metall cherepisalar, profnastil hamda maishiy texnikalar uchun metall listlar tayyorlanadi. Korxona to`liq quvvatda ishga tushirilgach, 1000 dan ziyod ish o`rni yaratilishi kutilmoqda.
Prezidentimiz ushbu korxona qurilishi boshlanishi bilan tanishdi. Mazkur metallurgiya zavodining mamlakatimiz iqtisodiyoti rivojidagi o`rniga to`xtalib, bu erda ishlaydigan mutaxassislar tayyorlashga alohida e`tibor qaratish lozimligini ta`kidladi. Pudratchi va quruvchilar bilan suhbatlashdi, ushbu mas`uliyatli ishda ularga muvaffaqiyatlar tiladi.
Toshkent shahridagi Turin politexnika universiteti, Islom Karimov nomidagi Toshkent davlat texnika universiteti va sohaga ixtisoslashgan kasb-hunar kollejlarida mazkur korxona uchun mutaxassislar tayyorlash ko`zda tutilgan.






