Prezident Shavkat Mirziyoev Alisher Navoiy nomidagi O`zbekiston Milliy bog`idagi Shoirlar xiyobonida bir guruh adiblar bilan uchrashdi. Bu haqda O`zA xabar bermoqda.
Mustaqillik yillarida yosh avlodning intellektual salohiyatini yuksaltirish, yoshlar o`rtasida kitob mutolaasi va kitobxonlik madaniyatini shakllantirish, ta`lim muassasalarini badiiy, ma`rifiy, ilmiy-ommabop va tarbiyaviy adabiyotlar bilan ta`minlashni yanada kuchaytirishga alohida e`tibor qaratilayotir.
Prezident Shavkat Mirziyoevning 2017 yil 12 yanvardagi “Kitob mahsulotlarini chop etish va tarqatish tizimini rivojlantirish, kitob mutolaasi va kitobxonlik madaniyatini oshirish hamda targ`ibot qilish bo`yicha komissiya tuzish to`g`risida”gi farmoyishi bu boradagi ishlarni yangi bosqichga ko`tarishda muhim qadam bo`ldi.
Uchrashuvda bu maskanni yanada obod qilish, odamlarning, ayniqsa, yoshlarning ma`naviyatini yuksaltirish, ularni kitobga oshno qilish, mashhur adiblarimiz hayoti va ijodi bilan yaqindan tanishtirish maqsadida ularni bu dargohga muntazam ravishda jalb etish haqida so`z bordi.
Shoirlar xiyoboni shunday maskan bo`lishi kerakki, shoirlarimizning she`rlari bu erda muntazam jaranglab turishi zarur, dedi Prezident.
Mamlakatimizdagi barcha madaniy muassasalarda she`rxonlik kechalari o`tkazish, yoshlarning bunday uchrashuvlarda faol ishtirokini ta`minlash maqsadga muvofiq ekanligi qayd etildi.
She`riyatga oshno bo`lgan inson aslo kam bo`lmaydi, dedi davlatimiz rahbari.
Uchrashuvda shoir va yozuvchilar ijod ahliga, kitob mutolaasiga qaratilayotgan yuksak e`tibor uchun Prezidentga minnatdorlik bildirdi.






