Xurshid Mirzohidov O`zbekiston Milliy teleradiokompaniyasi rahbariga aylandi. Bu haqda UzDaily nashriga asoslanib “Daryo” xabar bermoqda.
Mirzohidov bungacha O`zbekiston axborot texnologiyalari va kommunikasiyalarini rivojlantirish vaziri lavozimida mehnat qilib kelayotgan edi.
Mirzohidovga qadar O`zMTRKga Alisher Xodjaev raislik qilib kelayotgan edi.
Xurshid Mirzohidov haqida
Xurshid Mirzohidov 1971 yil Toshkent shahrida tug`ilgan. 1995 yili Toshkent elektrotexnika aloqa institutini radioaloqa, radoieshittirish va televidenie muhandisi mutaxassisligi bo`yicha, 2004 yili Prezident huzuridagi Davlat va jamiyat qurilish akademiyasi Oliy biznes maktabini biznesni boshqarish magistri unvoni bilan tamomlagan.
1994—1999 yillarda aloqa va axborotlashtirish sohasidagi korxonalarda turli lavozimlarda ishlagan. 1999—2001 yillarda Pochta va telekommunikasiyani rivojlantirishni davlat tomonidan qo`llab-quvvatlash jamg`armasida bo`lim boshlig`i va jamg`arma direktori lavozimlarida ishlagan.
Mirzohidov 2001—2002 yillarda «O`zbektelekom» bosh direktori o`rinbosari, 2002—2003 yillarda Vazirlar Mahkamasi Aloqa va axborot texnologiyalari kompleksi rahbari kotibiyati mudiri, 2003—2004 yillarda Aloqa va axborotlashtirish agentligi bosh direktori o`rinbosari lavozimlarida ishlagan.
2004—2006 yillarda Vazirlar Mahkamasi Axborot tizimlari va telekommunikasiyalar masalalari axborot-tahlil departamenti mudiri, 2006—2009 yillarda «O`zprommashimpeks» kompaniyasi rahbari lavozimlarida faoliyat olib borgan.
Xurshid Mirzohidov 2009—2010 yillarda O`zMTRK raisi birinchi o`rinbosari, 2010—2012 yillarda O`zbekiston Aloqa va axborotlashtirish agentligi bosh direktori birinchi o`rinbosari sifatida ishladi.
2012 yilning fevral oyida Xurshid Mirzohidov Aloqa va axborotlashtirish agentligi bosh direktori etib tayinlandi. Uning rahbarligi ostida agentlik dastlab Aloqa, axborotlashtirish va telekommunikasiya texnologiyalari davlat qo`mitasiga (2012 yil, oktyabr), keyinchalik Axborot texnologiyalari va kommunikasiyalarini rivojlantirish vazirligiga (2015 yil, fevral) aylantirildi.
Alisher Xodjaev haqida
Alisher Xodjaev qariyb 12 yil O`zMTRKga raislik qildi. U 1963 yili Toshkent viloyatida tavallud topgan bo`lib, 1985 yili Samarqand davlat universitetini fizika o`qituvchisi mutaxassisligi bo`yicha tamomlagan.
Xodjaev 1985—1993 yillarda O`zbekiston Fanlar akademiyasi tizimidagi ilmiy-tekshirish institutlari, ishlab chiqarish birlashmalarida faoliyat olib borgan. 1993—1996 yillarda NKK firmasida tizim muhandisi bo`lib ishlagan.
Alesher Xodjaev 1996 yildan rahbarlik lavozimlarida faoliyat olib borgan. Jumladan, 1998 yilga qadar «KomUzAziya» kompaniyasida, 1998—2001 yillarda esa UzPAK kompaniyasida bosh direktor lavozimida mehnat qilgan.
2001—2002 yillarda O`zbekiston Prezidenti huzuridagi Milliy xavfsizlik kengashi kotibi o`rinbosari, 2002—2005 yillarda O`zbekiston Aloqa va axborotlashtirish agentligi (hozirgi Axborot texnologiyalari va kommunikasiyalarini rivojlantirish vazirligi)ning rahbari o`rinbosari sifatida faoliyat ko`rsatgan.
Alisher Xodjaev 2005 yilning 15 aprel kuni O`zbekiston Teleradiokompaniyasi raisi etib tayinlangan edi. U 11 yil 9 oy davomida O`zMTRKga rahbarlik qildi.






