Ikki kundan beri Ruminiya poytaxti aholisi Buxarest shahrining markazida norozilik namoyishini o`tkazmoqda, deb xabar berdi “Tvzvezda.ru” nashri.
Yuz mingdan ortiq odam qatnashgan, hukumatga qarshi o`tkazilgan norozilik namoyishi avj olib, polisiya bilan to`qnashuvga aylanib ketdi. Hukumat tomonidan korrupsiyada ayblangan odamlarga amnistiya berish qarori aholining noroziligiga sabab bo`ldi.
Namoyish vaqtida mushakbozlik avjiga chiqdi, odamlar polisiyaga qarata tosh, tutunli portlatkichlarni irg`itishdi. O`zini boshqara olmagan yoshlar do`kon vitrinalarini, reklama konstruksiyalarini buzib tashladi, ko`chada turgan avtomashinalarni toshbo`ron qildi.
Polisiya jamoat tartibini saqlash uchun ko`zdan yosh oqizuvchi gazdan foydalanishga majbur bo`ldi. To`qnashuv jarayonida o`nlab namoyish ishtirokchilari va ikki nafar polisiyachi yarador bo`ldi.
Yuzga yaqin odam polisiya tomondan qo`lga olindi.






