Prezident Shavkat Mirziyoev Xorazmga tashrifi chog`ida viloyatda qurilayotgan qattiq maishiy chiqindilarni qayta ishlash zavodi qurilishi bilan tanishdi.
Uzbekistan Today nashrining xabar berishicha, mazkur zavod O`zbekistonda ushbu yo`nalishda barpo etiladigan ana shunday zavodlardan biri bo`ladi.
15 gektar maydonni egallaydigan Urganchdagi mazkur korxona uchun TIF Milliy bank 7 milliard so`m va 970 ming AQSh dollar sarmoya kiritgan. Ishlab chiqarish majmuasi Xitoyning Beston Group Machinery kompaniyasi tomonidan uskunalar bilan ta`minlanadi.
Korxona 2017 yil oxirigacha foydalanishga topshirilishi, unda har yili 900 ming tonnaga yaqin qattiq maishiy chiqindilar qayta ishlanishi kutilmoqda. Korxona olti turdagi tayyor mahsulotni ishlab chiqaradi. Jumladan, rezina, avtoshinalar, sellofan va plastmassalardan qozonxonalar uchun yonilg`i, yog`och qoldiqlaridan esa inshootlarni isitish uchun briketlar tayyorlanadi.
Salqin ichimliklardan qolgan PET-idishlardan to`qimachilik va qurilish sohasida talabgir bo`lgan sintepon ishlab chiqarilsa, qurilish chiqindilaridan devor materiali sifatida foydalansa bo`ladigan bloklar tayyorlanadi.
Korxonada alohida bir liniya makulaturani qayta ishlab, sanoat korxonalari uchun qadoqlash materiali ishlab chiqaradi. Meva-sabzavot qoldiqlari va eskirgan oziq-ovqatlardan esa biogaz va o`simliklar uchun o`g`itlar tayyorlanadi.






