Davlatimiz rahbari Matniyoz Devonbegi madrasasida Xiva shahrining tarixiy qismida amalga oshiriladigan bunyodkorlik ishlari rejasi, Isfandiyorxon qabul marosimlari uyi va Nurillaboy saroy majmuasini rekonstruksiya qilish loyihalari bilan tanishdi, deb xabar beradi O`zA.
Prezidentimiz Xorazmning turizm borasidagi imkoniyatlarini to`liq ishga solish, yangi yo`nalishlar tashkil etish va ularni jahon bozorlarida targ`ib qilish, mehmonxonalar va transport infratuzilmasini rivojlantirish zarurligini ta`kidladi. Zotan, turizm mamlakat iqtisodini rivojlantirish, ayniqsa, yangi ish o`rinlari yaratishda muhim sohalardan hisoblanadi.
Urganchdan Xivagacha temir yo`l va Xiva shahrida zamonaviy vokzal barpo etish, bu yo`lda elektropoezdlar, kelgusida yuqori tezlikda harakatlanuvchi “Afrosiyob” tezyurar poezdi qatnovini yo`lga qo`yish lozimligi qayd etildi. Shaharning turizm jozibadorligini oshirish maqsadida saylgoh ko`chalar tashkil etish va kechki sayr imkoniyatini yaratish, ularda milliy urf-odatlarimiz va ko`ngilochar dasturlarni namoyish qilish bo`yicha ko`rsatmalar berildi.
Turizm sohasida faoliyat yuritayotgan tadbirkorlar bilan suhbatda tarmoqda xalqaro hamkorlikni kengaytirish orqali xorijlik sayyohlarni ko`proq jalb qilish, xizmat ko`rsatish sifatini yaxshilash, sohaga ixtisoslashgan mutaxassislar tayyorlash va malakasini oshirish, suvenir ishlab chiqaradigan korxonalarni ko`paytirish xususida so`z bordi. Soha mutasaddilariga tegishli topshiriqlar berildi






