Bugungi kunda Toshkent shahridagi 20 dan ziyod avtobus oraliq bekatlariga elektron tablolar o`rnatildi. Yo`nalish raqami hamda bekat nomidan tashqari avtobuslarning qancha vaqtda bekatga etib kelishi, valyutalar kursi hamda ob-havo ma`lumotlari onlayn rejimda aks etadigan bu kabi axborot qurilmalari sonini yana yuztaga ko`paytirish rejalashtirilgan. Bu haqda O`zA xabar bermoqda.
«Toshshahartransxizmat» aksiyadorlik jamiyatining 2016 yil faoliyati yakunlari hamda 2017 yildagi rejalariga bag`ishlab o`tkazilgan matbuot anjumanida zamonaviy axborot-kommunikasiya vositalarining tarmoqqa keng joriy etilayotgani poytaxt jamoat transporti faoliyati samaradorligini oshirishda muhim omil bo`layotgani qayd etildi.
Korxona faoliyatida Birinchi Prezidentimiz Islom Karimovning 2013 yil 9 oktyabrdagi «Toshkent shahrida yo`lovchi tashish transportini tashkil etish tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to`g`risida»gi qarori muhim dasturilamal bo`layotir.
Bugungi kunda «Toshshahartransxizmat» aksiyadorlik jamiyati korxonalarining 1 ming 350 avtobusida 3 ming 500 dan ziyod haydovchi va chiptachi poytaxt ahli va mehmonlariga xizmat qilmoqda.
O`tgan yilda jamiyat korxonalari tomonidan 272 milliondan ziyod yo`lovchi tashildi. Transport vositalari parkini yangilab borishga qaratilgan chora-tadbirlar samarasida 2016 yilda mamlakatimizda ishlab chiqarilayotgan «Isuzu» rusumli saksonta o`rta sig`imli avtobus xarid qilindi. Shu davrda «Toshavtota`mirxizmat» korxonasida 3470 «Mersedes Benz», «Truck and Bus Servis» korxonasida 4850 «Isuzu»ga servis xizmati ko`rsatildi. Mavjud 128 yo`nalishda aholiga transport xizmati ko`rsatayotgan 1 ming 442 avtobusga GPS trekkerlari va GPS/GSM antennalari o`rnatilishi bilan harakat intervallariga rioya qilinishi ta`minlanishi yaxshilandi, yo`nalishli avtobuslarning texnik sabablarga ko`ra qaytib kirishi va yo`l harakati qoidalarining buzilishi holatlari keskin qisqardi. Yo`lovchilarga qo`shimcha qulayliklar yaratish hamda jamoat transportida GPS tizimining ishlashini takomillashtirish maqsadida «Tashbus» mobil ilovasi ishga tushirildi. Android, Apple iOS dasturlarida ishlaydigan mazkur ilovani bugungi kunga qadar 80 mingdan ortiq foydalanuvchi o`z telefoniga yuklab olgan.
Poytaxt yo`lovchi tashish korxonalarida yangi ish o`rinlari yaratish, kollej hamda oliy o`quv yurtlari bitiruvchilarining bandligini ta`minlashga alohida e`tibor qaratilmoqda. 2016 yilda «Toshshahartransxizmat» aksiyadorlik jamiyati korxonalarida 180 dan ortiq yangi ish o`rni tashkil etilgan, 160 ga yaqin yigit-qiz ish bilan ta`minlangani buning amaldagi tasdig`idir.






