O`zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Kamilov Yaponiya Tashqi ishlar vaziri Fumio Kisida Janobi Oliylariga O`zbekiston Respublikasi va Yaponiya o`rtasida diplomatik aloqalar o`rnatilganining 25 yilligi bilan tabriklab maktub yo`lladi.
Maktubda ikki mamlakat o`rtasida ko`p tomonlama munosabatlarning barcha jabhalari bo`yicha 2002 yilda qabul qilingan Do`stlik, strategik sheriklik va hamkorlik to`g`risidagi qo`shma bayonot ruhida ochiq va samarali siyosiy muloqot o`rnatilgani ta`kidlandi.
Shuningdek vazir O`zbekiston iqtisodiyoti va ijtimoiy sohasini modernizasiya qilishda, ishlab chiqarish quvvatlarini shakllantirishda, energetika, infratuzilma, telekommunikasiya va boshqa yo`nalishlarni rivojlantirish bo`yicha yirik loyihalarni amalga oshirishda Yaponiya tomonidan ko`rsatilayotgan yordam yuqori baholanishini qayd etib o`tdi.
“Madaniy-gumanitar sohadagi aloqalar izchil rivojlanmoqda va mustahkamlanmoqda. O`zbekiston tomoni hamkorlikni, ayniqsa ta`lim, sog`liqni saqlash va turizm sohalarida aloqalarni kengaytirishga qiziqish bildiradi.
Bugun qat`iy ishonch bilan aytish mumkinki, Yaponiya O`zbekistonning sinalgan do`sti va ishonchli hamkoriga aylandi.
Samimiyat bilan umid qilamanki, bizning o`zaro sa`y-harakatimiz bilan O`zbekiston va Yaponiya o`rtasidagi an`anaviy do`stona munosabatlar va startegik sheriklik ikki mamlakat xalqlari farovonligi yo`lida bundan keyin ham har tomonlama rivojlanadi.
Janob Kisida, yuksak ehtiromimni va Sizning mas`uliyatli faoliyatingizda eng samimiy tilaklarimni qabul etgaysiz”, – deya yakunlaydi o`z maktubini Abdulaziz Kamilov.






