AsosiyJamiyat

​O`zbekistonning Birinchi Prezidenti Islom Karimovning xotirasini abadiylashtirish to`g`risida Prezident qarori imzolandi

'​O`zbekistonning Birinchi Prezidenti Islom Karimovning xotirasini abadiylashtirish to`g`risida Prezident qarori imzolandi'ning rasmi

Prezident Shavkat Mirziyoev O`zbekiston Respublikasining Birinchi Prezidenti Islom Abdug`anievich Karimovning xotirasini abadiylashtirish to`g`risida Qaror imzoladi.

Mustaqil O`zbekiston davlatining asoschisi, buyuk davlat va siyosat arbobi, o`zbek xalqining ulug` va ardoqli farzandi, mamlakatimizning Birinchi Prezidenti Islom Abdug`anievich Karimov Vatanimizni mustabid tuzum qaramligidan ozod qilib, halokat yoqasiga kelib qolgan yurtimizni qayta tikladi. Buyuk Yo`lboshchimiz g`oyat qaltis va tahlikali bir vaziyatda og`ir qiyinchiliklar va sinovlarga qaramay, tarixan qisqa davrda O`zbekistonni jadal va barqaror sur`atlar bilan rivojlanayotgan zamonaviy demokratik davlatga aylantirdi.

Islom Abdug`anievich Karimov o`zining serqirra siyosiy faoliyati, olijanob insoniy fazilatlari bilan Vatanimizning ko`p asrlik tarixida o`chmas iz qoldirdi. U nafaqat O`zbekiston, balki jahon miqyosida katta hurmat va obro`-e`tiborga sazovor bo`lgan ulkan shaxs va arbob sifatida tanildi.

Ko`p millatli O`zbekiston xalqining qalbidan chuqur joy olgan Birinchi Prezidentimizning so`nmas xotirasini abadiylashtirish bo`yicha vazirliklar va idoralar, mahalliy davlat hokimiyati organlari, nodavlat notijorat tashkilotlari, mamlakatimiz fuqarolaridan ko`plab takliflar tushmoqda.

Xalqimizning samimiy tilaklari va xohish-irodasidan kelib chiqib, ona Vatanimiz mustaqilligi, el-yurtimiz ravnaqi yo`lidagi buyuk tarixiy xizmatlarini inobatga olib, O`zbekiston Respublikasining Birinchi Prezidenti, O`zbekiston Qahramoni Islom Abdug`anievich Karimovning yorqin xotirasini abadiylashtirish maqsadida:

1. Quyidagilar:

2016 yil oktyabr oyida Islom Karimov nomidagi Respublika xayriya jamoat fondi tuzilgani;

Toshkent shahar, Yashnobod tumanining Farg`ona yo`li ko`chasida joylashgan jome masjidga “Islom ota jome masjidi” deb nom berilgani;

O`zbekiston Respublikasi Prezidentining 2016 yil 2 dekabrda “Buyuk davlat va siyosat arbobi, O`zbekiston Respublikasining Birinchi Prezidenti Islom Abdug`anievich Karimov siymosi tasvirlangan haykalni yaratish bo`yicha xalqaro ijodiy tanlovni tashkil etish to`g`risida”gi qarori qabul qilingani ma`lumot uchun qabul qilinsin.

2. Vazirlar Mahkamasi (A.Aripov) O`zbekiston Respublikasining Birinchi Prezidenti Islom Karimovning xotirasini abadiylashtirish chora-tadbirlari rejasini o`rnatilgan tartibda ishlab chiqsin.

Shu munosabat bilan quyidagi vazifalar topshirilsin:

O`zbekiston Respublikasi Madaniyat va sport ishlari vazirligi, Moliya vazirligi, Davlat arxitektura va qurilish qo`mitasi, O`zbekiston Badiiy akademiyasi va Samarqand viloyati hokimligi bilan birgalikda Samarqand shahrida Islom Karimov dafn etilgan hududda yodgorlik majmuasini barpo etish;

tegishli vazirlik va idoralar, mahalliy hokimliklar bilan birgalikda O`zbekiston Respublikasining Birinchi Prezidenti Islom Abdug`anievich Karimov siymosini yaratish bo`yicha xalqaro ijodiy tanlovda g`olib deb topilgan haykallarni mamlakatimiz poytaxti Toshkent shahrida, Islom Karimov tug`ilib o`sgan Samarqand shahrida va u kishi birinchi rahbar bo`lib ishlagan Qashqadaryo viloyatining Qarshi shahrida o`rnatish;

O`zbekiston Respublikasi Madaniyat va sport ishlari vazirligi, Moliya vazirligi, Adliya vazirligi, O`zbekiston Fanlar akademiyasi, O`zbekiston Badiiy akademiyasi, Toshkent shahri va Samarqand viloyati hokimliklari birgalikda: Birinchi Prezidentimiz ko`p yillar davomida faoliyat olib borgan Toshkent shahridagi Oqsaroy qarorgohida (O`zbekiston ko`chasi, 45) Islom Karimov nomidagi ilmiy-ma`rifiy yodgorlik majmuasini tashkil etish va Islom Karimov nomidagi Respublika xayriya jamoat fondini ham ushbu manzil bo`yicha joylashtirish; Samarqand shahrida Islom Karimov muzeyini tashkil etish;

quyidagi muassasa va ob`ektlarga:

Toshkent davlat texnika universitetiga;

Asaka shahridagi avtomobil zavodiga;

Farg`ona shahridagi San`at saroyiga;

Toshkent xalqaro aeroportiga;

Qoraqalpog`iston Respublikasi, Toshkent shahri va viloyatlardagi markaziy ko`chalarga (mahalliy davlat hokimiyati organlari takliflari asosida) Islom Karimov nomini berish;

har yili Birinchi Prezidentimiz tavallud topgan sana – 30 yanvar kunini keng nishonlash, 2 sentyabr kunini Xotira kuni sifatida yod etish. Ushbu sanalar munosabati bilan ommaviy axborot vositalarida Islom Karimov hayoti va faoliyatini keng yoritish;

oliy o`quv yurtlari talabalari uchun Islom Karimov nomidagi davlat stipendiyasini joriy etish;

Islom Karimovning hayoti va faoliyati haqida ilmiy va badiiy asarlar, hujjatli va badiiy filmlar yaratish;

Islom Karimov siymosi aks ettirilgan maxsus pochta markalarini chiqarish.

3. O`zbekiston Milliy axborot agentligi, O`zbekiston milliy teleradiokompaniyasi va boshqa ommaviy axborot vositalari tomonidan O`zbekiston Respublikasining Birinchi Prezidenti Islom Abdug`anievich Karimovning xotirasini abadiylashtirish bilan bog`liq tadbirlar keng yoritilsin.

Qarorning bajarilishini nazorat qilish O`zbekiston Respublikasining Bosh vaziri A.Aripov zimmasiga yuklandi.

Boshqa yangiliklar