AsosiyJamiyat

​“Gulday ayolimning umri xazonga aylandi”

'​“Gulday ayolimning umri xazonga aylandi”'ning rasmi

Ota-onamiz bizni hech narsaga zoriqtirmay voyaga etkazdi. Oilamiz ziyoli, o`ziga to`q oilalardan biri edi. Otamiz oliy ma`lumotli bo`lgani uchun biz farzandlarini ham o`qitishga harakat qildi. Kimdir shifokor, kimdir pedagog, yana kimdir iqtisodchi. Xullas, akalarim va opalarim hammasi oliygohni bitirib, o`z sohasi bo`yicha ishlay boshlashdi. Men ham Toshkent shahridagi nufuzli universitetlardan biriga o`qishga kirdim. Hamma bizning oilaga havas bilan qarardi...

Oilada kichik farzand bo`lganim uchun aytganim-aytgan, deganim-degan edi. Uydagilar mening ko`nglimga qarar, ota-onam ham akalarim ham qancha pul so`rasam berishardi. O`qishdan bo`sht vaqtlarim turli do`konlarga borib, o`zim uchun kiyim-kechak sotib olardim, har kuni har xil kafelarda ovqatlanardim. O`sha paytlari men boshqa kursdoshlarim qatori kutubxonaga borib kitob o`qish yoki sport bilan shug`ullanish o`rniga vaqtni bekor o`tkazardim. Biron-bir mashg`ulot bilan shug`ullanmaganim bois, bo`sht vaqtim ko`p bo`lardi. To`g`risi, zerikib, nima qilishni bilmay yurardim. Adashmasam, ikkinchi kursda o`qib yurgan kezlarim kursdoshim Sardorning gapiga kirib, kechki payt turli bazm va o`tirishlarga boradigan odat chiqardim. Ota-onam va akalarimning tanbeh berishiga qaramay, bu odatimni to`xtatishga o`zimda kuch topa olmadim. Sekin-asta spirtli ichimliklar icha boshladim. Bu ham etmaganday, tungi klublarga borishni kanda qilmasdim.

Shu-shu, endi ichkilik qolib, narkotik moddalarni ta`tib ko`rmoqchi bo`ldim. Bir kuni tungi klublardan birida o`rtog`im Sardor g`alati usulda qadoqlangan “sigareta”ni qo`limga tutqazdi. Uni chekishga-chekdim-u, boshim aylanib, o`zimni yomon his qila boshladim. Keyin nima bo`lgani esimda yo`q. Bir payt ko`zimni ochsam uyda yotibman. Ertasi kuni Sardor kechagi chakkanimiz nasha ekanligini aytdi. Men uni bir marta chekib ko`raman, keyin tashlab yuboraman, hohlagan paytda o`zimni to`xtata olaman deb ishonardim. Lekin men o`ylagandek bo`lib chiqmadi. Biz Sardor bilan deyarli har kuni o`sha tungi klubga boradigan bo`lib qoldik. Shu tariqa narkotik moddalarga ruju qo`ydim. O`qishim ham o`lda-jo`lda bo`lib qoldi. Uchinchi kursning oxirgi choragida universitetdan haydaldim.

Shundan so`ng, ota-onam meni uylantirishga qaror qildi. Bilishimcha, ular bu orqali menga insof berib qolishidan umidvor edilar. Taxminan yigirma besh kun ichida qo`shni mahallada yashovchi Nazokat ismli qiz bilan to`yimiz bo`ldi. To`ydan bir oy o`tar-o`tmas, turmush o`rtog`im giyohvand ekanligimni bilib qoldi. Uyiga ketishga shaylangan paytda, ota-onam unga elanib, yolvorishdi. Bu odatni tashlashimga uni ishontirdi. Nazokat onamning ko`zlaridagi yoshni ko`rib, rahmi kelganidan ketish fikridan qaytdi.

Ota-onam va akalarim davolanishim uchun maxsus shifoxonaga yotqizishdi. So`raganlarga toqqa dala hovlimizga ketganligimni aytib, davolanayotganimni hammadan sir tutishdi. Ayolim ham meni to`g`ri tushinib, bu haqda hech kimga churq etmadi va ota-onam bilan yashab turdi. Ammo men to`rt kun deganda davolanish muassasasidan qochib ketdim…

Kayfu-safoga berilib, inson qiyofasidan chiqib ketgan edim. Har kuni uyda janjal chiqarib, ota-onam va akalarimdan pul ta`ma qilardim. Ular esa nima qilishni bilmay, menga pul berardi. Bu holat uch-to`rt oycha davom etdi. Keyin ular ham pul bermay qo`yishdi. Shunda men uydagi narsalarni o`g`irlab chiqib, sota boshladim. Qo`limga nima ilansa, ozgina pulga sotib yuborardim...

Asta-sekin qarindosh-urug`, qolaversa, qo`shnilar va mahalla-kuyu mening asl qiyofam haqida bilishdi. Ota-onam, akalarim va opalarim elu-yurt oldida sharmanda bo`lib, uyatga qoldi. Bu isnodni ko`tarolmay, endigina bolalarining rohatini ko`raman degan paytida otam qon bosimi oshib olamdan o`tdi. Onam esa, qandli diabet kasaliga chalindi. Otamdan keyin ular ham ko`p yashamadi. Men padarkushdan ham oshib tushdim! Meni deya ota-onam bu yorug` olamni tark etdi! Qarigan chog`larida har bir kuni alam, qayg`u va g`am-anduh bilan o`tdi. Ham otam ham onamning o`limiga sabab bo`ldim...

Ota-onamdan ayrilganim etmaganday, farzandim nogiron va kasalmand bo`lib tug`ildi. Birgina o`ylamay bosilgan qadam tufayli o`z umrimni barbod qildim. Men-ku, mayli, nima qilgan bo`lsam, shunga yarasha taqdir meni jazoladi. Ammo ota-onam, akalarim va opalarim meni deya qancha-qancha qiyiniliklarni boshdan kechirishdi...

Gulday ayolimning umri xazonga aylandi. Hali endigina tug`ilgan norasida go`dak, o`g`lim esa nogiron, bir necha nuqsonlari bor. Men dardimni kimga aytay! “Bilmay bosdim tikanni, tortadurman jabrini” deya, o`zimni-o`zim qarg`ab yashamoqdaman. Men umrini ozgina kayfu-safoga almashgan osiy bandaman!

O`z tomiriga bolta urib, keyin afsuslanib yurgandan foyda yo`qligi mening misolimda yana bir bor o`z isbotini topdi. Har bir inson vaqtida ko`zini ochib, qilmishlarining oqibatini o`ylashi lozimligini anglab etdim! Bor-budimdan ayrilib, boshim devorga tekkandan so`ng ko`zim ochildi. Lekin endi juda kech edi! Afsus, vaqtni orqaga qaytarib bo`lmas ekan! Har bir narsaning borida qadriga etish kerak ekan!

Nodir Berdiev,

Toshkent shahri

    Boshqa yangiliklar