O`zbekiston Respublikasi Adliya vazirligining kengaytirilgan hay`at majlisi bo`lib o`tdi.
Unda adliya organlari va muassasalari tomonidan qonun ijodkorligi va huquqni qo`llash sohasida 2016 yilda amalga oshirilgan ishlar yakuni va joriy yilda bajarilishi lozim bo`lgan vazifalar atroflicha muhokama etildi.
Adliya vaziri M.Ikromov boshqargan yig`ilishda adliya organlari mamlakatimiz ijtimoiy hayotida muhim o`rin tutuvchi ko`plab qonun hujjatlarini tayyorlash, amalda joriy etish, bir xilda va aniq qo`llanilishini ta`minlash borasida izchil faoliyat olib borayotgani ta`kidlandi.
2016 yilda 75 normativ-huquqiy hujjat, shu jumladan, 14 qonun loyihasi ishlab chiqilib, Vazirlar Mahkamasiga kiritildi. 2,5 mingdan ortiq qonun hujjati loyihasi huquqiy ekspertizadan o`tkazildi. 309 idoraviy normativ-huquqiy hujjat davlat ro`yxatiga olindi.
Aniqlangan qonun buzilishi holatlarini bartaraf etish bo`yicha vazirlik va idoralarga 6 mingdan ortiq taqdimnoma kiritilib, ularning mingdan ziyod noqonuniy qarori bekor qilindi.
Tadbirkorlik sub`ektlari va xorijiy investisiyalar ishtirokidagi korxonalarning huquq va manfaatlari himoyasi yuzasidan muayyan ishlar amalga oshirildi. Sudlarga kiritilgan 122 milliard so`mga yaqin da`vo arizalari qanoatlantirildi. 2,2 mingdan ziyod faoliyat ko`rsatmayotgan tadbirkorlik sub`ektlarining faoliyati tiklanib, ularda 5 mingdan ortiq ish o`rni yaratildi.
Olib borilgan nazorat ishlari natijasida tadbirkorlik sub`ektlari faoliyatida o`tkazilgan noqonuniy tekshirishlar 87 foizga, tekshirishlar tartibini buzish holati 37 foizga kamaydi.





