AsosiySport

O`zbekiston terma jamoasi Dubayga uchib keldi

O`zbekiston milliy terma jamoasi JCh–2018 uchinchi saralash bosqichi ikkinchi davrasiga tayyorgarlik ko`rish maqsadida BAAning Dubay shahriga uchib keldi. Bu haqda O`FF matbuot xizmati xabar bermoqda

Avval xabar berilganidek, BAAdagi yig`in 21–24 yanvar kunlari bo`lib o`tadi. Terma jamoa bugunning o`zida mashg`ulotlarga kirishadi.

Amirliklardagi yig`inda ishtirok etadigan futbolchilar tarkibida yana bir o`zgarish yuz berdi. “Lokomotiv” himoyachisi Bobur Yo`ldoshev klub yig`inida jarohat olganligi sababli, uning o`rniga “Paxtakor” a`zosi Akbar Ismatullaev taklif etildi. 

Oldinroq yig`inga taklif qilingan Temurxo`ja Abduholiqov Qatarning “Al-Sayliya” klubi bilan, Server Jeparov esa Eronning “Istiqlol” jamoasi bilan shartnoma imzolab, legioner futbolchilarga aylangani va terma jamoa bosh murabbiyi Samvel Babayan ularning o`rniga Dostonbek Hamdamov (“Bunyodkor”) va Vladimir Kozakni (“Paxtakor”) taklif qilgani haqida xabar berilgandi.

Mazkur yig`in FIFA kunlariga to`g`ri kelmaganligi uchun legioner futbolchilar BAAdagi o`quv-mashg`ulotlariga taklif etilmaydi.

“Nasaf” jamoasi OChL–2017 o`tish bosqichida Bahraynning “Al-Hidd” klubiga qarshi 31 yanvar kuni bahs olib borishi va unga tayyorgarlik ko`rishi sababli qarshiliklar tarkibidan yig`inga futbolchilar jalb etilmadi.

Eslatib o`tamiz, O`zbekiston terma jamoasi yig`in doirasida 22 yanvar kuni Daniya U-23 termasiga qarshi, 23 yanvar kuni esa Gruziya terma jamoasiga qarshi o`rtoqlik o`yinlarini o`tkazadi.

Ma`lumot uchun, O`zbekiston terma jamoasi JCh–2018 turniriga saralash boschiqi “A” guruhi 5-turidan keyin 9 ochko bilan uchinchi o`rinda bormoqda. Eron 11 ochko bilan birinchi, Janubiy Koreya 10 ochko bilan ikkinchi pog`onada bormoqda.

    Boshqa yangiliklar