O`zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoev joylarda ijtimoiy-iqtisodiy islohotlarning borishi, xalqimizning hayot darajasi va sifatini yanada oshirishga qaratilgan bunyodkorlik va obodonlashtirish ishlari bilan yaqindan tanishish, xalq bilan uchrashish va muloqot qilish maqsadida 20 yanvar kuni Qoraqalpog`iston Respublikasiga tashrif buyurdi, deya xabar beradi O`zA.
Shuni alohida ta`kidlash zarurki, Shavkat Mirziyoev O`zbekiston Respublikasi Prezidenti sifatida birinchi tashrifini qoraqalpoq zaminidan boshlagani muhim ahamiyatga ega. Bu albatta davlatimiz rahbarining Qoraqalpog`istonga, qoraqalpoq xalqiga bo`lgan yuksak hurmat-e`tiboridan dalolat beradi.
Shavkat Mirziyoev 2016 yil 10 noyabr kuni Qoraqalpog`iston Respublikasi Shumanay tumanida bo`lib o`tgan saylovoldi uchrashuvida: “Men nafaqat o`zbek xalqining, balki qoraqalpoq xalqining ham farzandiman!”, deb ta`kidlagan edi. Shu bilan birga, ushbu mintaqada yashayotgan aholini har tomonlama qo`llab-quvvatlash bo`yicha belgilangan keng ko`lamli ishlar haqida to`xtalib, jumladan: “Bundan buyon har bir tuman va shaharga, kerak bo`lsa, chekka-chekka qishloq va ovullargacha kirib boramiz. U erda istiqomat qilayotgan odamlarning dardini eshitamiz, muammolarini hal qilishga qaratilgan dasturlar ishlab chiqamiz va ijrosini qat`iy nazoratga olamiz”, degan edi.
Aytish mumkinki, Qoraqalpog`iston Respublikasiga bugungi tashrif ana shunday ezgu maqsadlarning, Xalq bilan muloqot va inson manfaatlari yilida belgilangan vazifalarning yana bir amaliy ijrosi sifatida namoyon bo`ldi.
Ma`lumki, davlatimiz tomonidan yaratilayotgan imkoniyatlar natijasida Qoraqalpog`iston Respublikasining iqtisodiyot tarmoqlari, sanoat, qurilish, axborot-kommunikasiya texnologiyalari, kichik biznes va xususiy tadbirkorlik sohalari ham jadal rivojlanmoqda. Bugungi kunda yalpi hududiy mahsulotning qariyb yarmi, hududiy eksportning 75 foizi xususiy sektor hissasiga to`g`ri kelmoqda. Ish bilan band bo`lgan aholining 75 foizi aynan shu sohada mehnat qilmoqda.
Ayni paytda bu hududning murakkab sharoiti, Orol dengizi bilan bog`liq mintaqada yuzaga kelgan ekologik ofat aholini toza ichimlik suvi bilan ta`minlash, sifatli tibbiy yordam ko`rsatish, onalik va bolalikni himoya qilish, oila va mahalla institutlariga e`tibor qaratish, ayollar va yoshlarning jamiyatdagi o`rni va mavqeini oshirish kabi bir qator muhim masalalar yuzasidan kechiktirib bo`lmaydigan amaliy ishlarni talab etmoqda.
Ana shu maqsadda davlatimiz rahbari tashrif davomida oddiy odamlar bilan uchrashdi, oilalarga kirib, ularning turmush sharoitlari bilan yaqindan tanishdi. Xalq bilan samimiy muloqotlar bo`lib o`tdi.
Prezidentimiz Shavkat Mirziyoev Xo`jayli tumani markaziy shifoxonasiga tashrif buyurdi. Zamonaviy tibbiy texnika bilan jihozlangan ushbu muassasa tumandagi 11 qishloq vrachlik punkti va 4 poliklinika bilan birgalikda 130 mingdan ziyod aholiga sifatli xizmat ko`rsatib kelmoqda.
Salomatlik insonning eng qimmat boyligidir. Odamlarga salomatligini mustahkamlashda yordam ko`rsatadigan mutaxassis eng sharafli kasblardan birining egasidir.
Shavkat Mirziyoev shifoxonadagi sharoit bilan tanishdi, qabul, rentgen, diagnostika va qator boshqa bo`limlarni ko`zdan kechirdi. Shifokorlar bilan muloqotda malakali tibbiy kadrlar etishtirish, tibbiy jihozlardan unumli foydalanish, xizmat malakasini oshirish, shifoxonalar qurishda har bir hududning o`ziga xos iqlim sharoitidan kelib chiqish masalalari yuzasidan fikr almashildi.
Shundan so`ng Prezidentimiz “Muruvvat” ayollar internatiga borib, ushbu muassasa faoliyati bilan tanishdi. Shifokor va hamshiralar bilan suhbatlashib, bu maskanda yaratilgan shart-sharoitlarni yanada yaxshilash uchun davlat tomonidan yordam ko`rsatilishini ta`kidladi.
Tumandagi 69-maktab o`qituvchilari bilan bo`lgan muloqot chog`ida maktablarning infratuzilmasini yaxshilash, bu erda lisey va kollejlarning bo`lg`usi munosib o`quvchilarini tayyorlash va umuman Vatan ravnaqi uchun malakali kadrlar tarbiyalash ishlarini takomillashtirish mavzuida so`z bordi.
Shavkat Mirziyoev Agrosanoat markazi qurilayotgan uchastkaga ham tashrif buyurdi. 2017-2018 yillarda ishga tushirilishi mo`ljallanayotgan ushbu majmua 11 gektar maydonni egallaydi. Bu erda qishloq xo`jaligi mahsulotlarini saqlash, qayta ishlash, qadoqlash binolari, shuningdek, terminal, yuk tushirish va ortish maydoni, muzxonalar, issiqxonalar, bojxona, angar, mehmonxona, ovqatlanish muassasasi, sport majmuasi kabi inshootlar barpo etiladi.
Shu erning o`zida Xo`jaylida turar-joy infratuzilmasini rivojlantirish masalalari ham muhokama qilindi. Davlatimiz rahbari odamlar boshlangan o`zgarishlarni o`z hayotida his qilishi uchun joriy yil yakunigacha 40 ko`p qavatli turar-joy binosi barpo etish va foydalanishga topshirish to`g`risida ko`rsatma berdi.
Shavkat Mirziyoev “Qoraqalpog`iston” qishloq vrachlik punktida ham bo`ldi. Shifokorlar bilan suhbat asnosida aholining davlat idoralariga ishonchini mustahkamlashda tibbiyot muassasalari xodimlarining faoliyati alohida o`rin tutishi ta`kidlandi. Qishloq vrachlik punktlarini zamonaviy tibbiy jihozlar bilan bir qatorda dori-darmon va boshqa zarur ashyolar bilan ta`minlash masalalari muhokama qilindi.
Prezidentimiz Shumanay tumani Jumaboy Bozorov nomidagi bolalar musiqa va san`at maktabiga tashrif buyurdi. 211 o`quvchi ta`lim olayotgan bu dargohda milliy musiqa asboblari, fortepyano, xoreografiya, tasviriy san`at kabi o`ndan ziyod yo`nalishda dars o`tiladi. Muassasa ochilganiga atigi bir necha yil bo`lganiga qaramay, uning o`quvchilari qator tanlovlarda, xususan, 2 marta mamlakatimiz miqyosida o`tkazilgan ko`rikda birinchi o`rinni egallashga muvaffaq bo`ldi.
Maktab o`qituvchilari va o`quvchilari bilan muloqot chog`ida jamoatchilik vakillari O`zbekiston Respublikasi Birinchi Prezidenti Islom Karimov yosh avlodni jismoniy va ma`naviy jihatdan barkamol etib voyaga etkazishga alohida e`tibor bergani, Prezidentimiz Shavkat Mirziyoev u kishining bu boradagi xayrli ishlarini izchil davom ettirayotganini ta`kidladi.
Prezidentimiz Shavkat Mirziyoev “Agroservis MTP” mas`uliyati cheklangan jamiyatining Qanliko`l tumani filialida ham bo`lib, bahorgi dala ishlariga puxta tayyorgarlik ko`rish haqida fikrlashdi. Tumanda paxta maydonini bosqichma-bosqich qisqartirib, chorvachilikni rivojlantirish bo`yicha ko`rsatmalar berdi.
Qanliko`l pedagogika kollejida bo`lgan muloqotda Prezidentimiz kollej mutaxassisliklarini zamon talabiga mos ravishda o`zgartirish, tuman iqtisodiy-ijtimoiy hayoti uchun zarur kadrlar tayyorlash kerakligini ta`kidladi. Ilmiy, badiiy adabiyotlarni qoraqalpoq tiliga o`girish, chop etish va ta`lim maskanlariga etkazib berish bo`yicha tavsiyalar berdi.
Davlatimiz rahbari Qo`ng`irot – Mo`ynoq ichimlik suvi tarmog`i qurilishi boshlanishi bilan tanishdi. 101 kilometrlik ushbu suv tarmog`i ishga tushirilgach, bir kecha-kunduzda 7 ming kub metr suv uzatish va 25 mingdan ziyod aholini toza ichimlik suvi bilan ta`minlash imkoniyati yaratiladi.
Nukus shahrida Qoraqalpog`iston Respublikasi faollari bilan uchrashuv bo`lib o`tdi. Yig`ilishda Qoraqalpog`istonni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish, aholi uchun munosib turmush sharoitlari yaratish masalalariga alohida e`tibor qaratildi.
O`zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoevning Qoraqalpog`iston Respublikasiga tashrifi davom etmoqda.





