AsosiyJamiyat

Favqulodda vaziyatlar vazirligi TV orqali ommabop vaqtlarda efirga chiqishda qiyinchiliklarga duch kelmoqda

Shu yilning 18 yanvar kuni O`zbekiston Respublikasi Favqulodda vaziyatlar vazirligida “Favqulodda vaziyatlarda ularning oldini olish va harakat qilish davlat tizimining aholi va hududlarni tabiiy hamda texnogen xususiyatli favqulodda vaziyatlardan muhofaza qilish bo`yicha 2016 yildagi asosiy tadbirlar rejasining bajarilishi va 2017 yildagi ustuvor vazifalari”ga bag`ishlangan hay`at majlisi bo`lib o`tdi.

Unda O`zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Xavfsizlik Kengashi devoni, Vazirlar Mahkamasining mas`ul xodimlari, Favqulodda vaziyatlar Davlat tizimiga kiruvchi 40 ga yaqin vazirlik va idora rahbarlari, shuningdek, Qoraqalpog`iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimlarining o`rinbosarlari hamda OAV vakillari ishtirok etdilar.

O`tgan 2016 yil mobaynida vazirlik tomonidan favqulodda vaziyatlarni oldini olish, sodir bo`lganda oqibatlarini bartaraf etish yuzasidan ko`plab ishlar amalga oshirildi. Xususan, favqulodda vaziyatlarda ularning oldini olish va harakat qilish davlat tizimining tegishli xizmatlari tomonidan is gazidan, oziq-ovqat mahsulotlaridan ommaviy zaharlanishlar hamda tabiiy gaz chaqnashi bilan bog`liq favqulodda vaziyatlarni oldini olish maqsadida suhbatlar o`tkazildi. 

Shu bilan birga, 634 ming 596 ta shaxsiy hovli joylar, 23 ming 108 ta ko`p qavatli uylar va ulardagi 918 ming 97 ta aholi yashash xonadonlari o`rganib chiqilib, aholi orasida targ`ibot-tashviqot ishlari o`tkazildi.

Biroq, shuni alohida ta`kidlash joizki, kompleks chora-tadbirlar rejasida isitish mavsumida aholi orasida targ`ibot-tashviqot va tushuntirish ishlarini olib borishda ommaviy axborot vositalaridan, xususan, markaziy va mahalliy teleradiokompaniyalar imkoniyatlaridan keng qamrovli foydalanish ko`zda tutilgan bo`lsada, is gazidan zaharlanishlarning oldini olishga qaratilgan tematik videoroliklarni ommabop vaqtlarda efirga uzatishda qiyinchiliklarga duch kelinayotir.

Sel, suv toshqinlari, er ko`chkisi bilan bog`liq favqulodda vaziyatlarni oldini olish borasida ham keng ko`lamli chora-tadbirlar hayotga tatbiq etilmoqda. O`tgan yil davomida respublikaning tog`li hududlaridagi qor zahiralarini va baland tog`li ko`llarning holatini baholash hamda qor ko`chkisi va sel xavfi mavjud hududlarni aniqlash maqsadida, 7 marotaba aerovizual kuzatuv ishlari amalga oshirildi. Andijon, Jizzax, Qashqadaryo, Navoiy, Namangan, Samarqand, Surxondaryo, Toshkent va Farg`ona viloyatlarida daryo va soylarning qirg`oqlarini mustahkamlash va o`zanlarini tozalash bo`yicha 1362,6 ming m3 tuproq, 91,4 ming m3 tosh ishi, 8,2 ming m3 beton ishi va 172 tonna metall ishlari amalga oshirilgan. Ushbu ishlarga 20 mlrd. so`mdan ziyod byudjet mablag`lari sarflandi.

    Boshqa yangiliklar