AsosiyDunyo

Qirg`iziston maxsus xizmati Bishkekda ro`y bergan aviahalokatni “millatni tozalash” deb atagan ayolni so`roq qildi

Qirg`iziston davlat milliy xavfsizlik qo`mitasi Bishkek shahri yaqiniga qulagan yuk samolyotining halokatini “millatni tozalash”, deb atagan tibbiyot akademiyasining sobiq o`qituvchisi Tattigul Dootalievani so`roq qildi, deb xabar berdi “Lenta.ru” nashri.

Dootalievaning Facebook sahifasida yozgan izohini xavfsizlik xizmati xodimlari millatlar orasiga nifoq solish maqsadida yozilgan, deb qabul qildi. Ayol aviahalokatni “millatni tozalash”, halok bo`lganlarni esa asosan mamlakatning janubiy hududidan ko`chib kelgan qirg`iz millatiga mansub bo`lmagan odamlar, deb yozgan. U mazkur yozuvni ijtimoiy tarmoqqa joylashtirganidan keyin tibbiyot akademiyasidan ishdan bo`shatildi. Parlament deputati Omurbek Babanov uni tibbiyot akademiyasidan ishdan bo`shatishni talab qildi. Uning hamkasbi Ulug`bek Ormonov Dootalievaga nisbatan jinoyat ishi qo`zg`ashni taklif qildi.

Eslatib o`tamiz, 16 yanvar kuni Manas aeroporti yaqinidagi qishloq ustiga Gonkong-Istanbul reysi yo`nalishida uchayotgan Turkiyaning “Boing 747-400” yuk samolyoti qulagan. Halok bo`lganlar haqidagi ma`lumotlarga hozirgacha aniqlik kiritilmoqda. Qirg`iziston respublikasi bosh vaziri o`ribosari Muxammetkaliy Abulg`oziev sud-ekspertiza markazida aviahalokatda halok bo`lgan 37 nafar odamning shaxsi aniqlanganini, ulardan 17 nafari bolalar ekanligini ma`lum qilgan. Mamlakat FVV esa, 31 nafar odam halok bo`ldi, deb xabar bergan. Samolyot qulashi oqibatida 30 ta uy vayronaga aylangan. Mamlakat hukumati halok bo`lganlarning oilasiga 70 ming somdan (ming dollarga yaqin) yordam puli ajratgan.

Boshqa yangiliklar