Davlat statistika qo`mitasi axborot xizmati taqdim etgan ma`lumotlarga ko`ra, 2016 yilning yanvar-dekabr davrida 726,8 mingta bola tug`ilgan.
Tug`ilish koeffisientining sezilarli darajada pasayishi Qoraqalpog`iston Respublikasida (23,3 promilledan 21,8 promillegacha), Surxondaryo (27,0 promilledan 25,8 promillegacha), Buxoro (21,9 romilledan 20,9 promillegacha), Toshkent (21,1 promilledan 20,3 promillegacha), Andijon (24,1 promilledan 23,4 promillegacha), Qashqadaryo (26,2 promilledan 25,5 promillegacha) va Sirdaryo (22,8 promilledan 22,1 promillegacha) viloyatlarida qayd etildi.
Shuningdek, tug`ilish koeffisientining o`sishi Toshkent shahrida (18,0 promilledan 18,4 promillegacha) va Navoiy (22,0 promilledan 22,1 promillegacha) viloyatida kuzatildi.
Huddi shu davrda O`zbekistonda 154,5 mingta o`lim qayd etilgan bo`lib, mos ravishda o`lim koeffitsienti 4,8 promilleni tashkil etdi.
Shu bilan birga, o`lim koeffisientining o`sishi Navoiy, Surxondaryo, Sirdaryo, Qashqadaryo, Xorazm viloyatlarida va Qoraqalpog`iston Respublikasida kuzatildi. O`lim koeffitsientining pasayishi Andijon, Namangan, Toshkent, Farg`ona viloyatlarida va Toshkent shahrida qayd etildi.
Ro`yxatga olingan jami o`lganlarning 59,6 foizi qon aylanish tizimi kasalliklaridan, 9,4 foizi - o`simtalardan, 6,7 foizi - baxtsiz hodisa, zaharlanish va jarohatlanishlardan, 5,9 foizi - ovqat hazm qilish a`zolari kasalliklaridan, 4,9 foizi - nafas olish a`zolari kasalliklaridan, 1,9 foizi - yuqumli va parazitar kasalliklardan, 11,6 foizi - boshqa kasalliklardan vafot etgan.
2016 yil mobaynida 7,7 mingta 1 yoshgacha bo`lgan bolalar o`limi qayd etildi.
Ro`yxatga olingan 1 yoshgacha o`lgan jami bolalarning 56,7 foizi perinatal davrda yuzaga keladigan holatlardan, 22,4 foizi - nafas olish a`zolari kasalliklaridan, 9,8 foizi - tug`ma anomaliyalardan, 3,1 foizi - yuqumli va parazitar kasalliklardan, 1,9 foizi - baxtsiz hodisa, zaharlanish va jarohatlanishlardan, 0,6 foizi - ovqat hazm qilish a`zolari kasalliklaridan, 5,5 foizi - boshqa kasalliklardan vafot etgan.





