O`zbekiston chempionatining 2016 yilgi mavsum to`purari Temurxo`ja Abduxoliqov “Lokomotiv”ni tark etdi va Qatarning “Al Sayliya” klubiga yo`l oldi. Endilikda mahoratli hujumchi arab jamoasi sharafini himoya qiladi.
Temurxo`ja Abduxoliqov “Loko” safida ancha mazmunli va muvaffaqiyatli to`p surdi. Uning jamoamiz oldida xizmatlari e`tirofga sazovor. Shu sababli ham uning yangi jamoasiga qay tariqa o`tgani va “Lokomotiv” ishqibozlariga tilaklarini bilish maqsadida Temurxo`jadan intervyu oldik.
— Temurxo`ja, odatiy savol. Qatar varianti qanday yuzaga keldi?
— Qishki yig`inlarimiz boshlangach “Lokomotiv” bilan yangi mavsumga tayyorgarlik ko`rayotgan edim. Bu orada Qatar jamoasidan taklif kelib tushdi. Qolaversa, qatarliklar “Lokomotiv” rahbariyatini ham ko`ndira olishdi. Natijada men “Al Sayliya” a`zosiga aylandim.
— Oldingizda boshqa takliflar ham bor edimi?
— Rostini aytsam, takliflar bor edi. Biroq “Lokomotiv” bilan shartnomam bo`lgani boisdan ko`p ham bo`layotgan takliflarga jiddiy qaramayotgan edim. Biroq bu safargi taklif har tomonlama qiziq tuyuldi va “Loko”dagilar bilan maslahatlashgach, unga rozilik berdim.
— Taklifga «Loko» rahbariyati qanday munosabat bildirdi?
— “Lokomotiv” jamoasi rahbariyatidan juda ham mamnunman. Ular meni qo`llab-quvvatlashdi va “Al Sayliya”da menga omad tilashdi.
— «Lokomotiv» bilan xayrlashish qanday kechdi? Qiyin bo`lmadimi?
— “Lokomotiv” bilan xayrlashish oson bo`lgani yo`q. Zero qisqa davr mobaynida men ushbu jamoada juda ajoyib damlarni boshdan kechirdim. Alamli mag`lubiyatlar va juda-juda ajoyib g`alabalarni qo`lga kiritdim. Shu boisdan “Loko”ni tark etish oson bo`lmadi. Umid qilamanki, hali bu jamoaga yana qaytaman.
— Ma`lumki, «Lokomotiv» tarkibida to`p tepib O`zbekiston chempioni hamda Kubok sohibi bo`ldingiz. Qolaversa, to`purarlik ham sizga nasib etdi. Natijada klub muxlislari tezda yoqtirib qolishdi. Endilikda ko`pchilik hayron: Temurxo`jaga nimaga ketdi deb. Bu borada nima deya olasiz?
— Rostini aytadigan bo`lsam, o`zimni boshqa chempionatda sinab ko`rish ishtiyoqi juda kuchlilik qildi. Zero xorijiy ligalarda to`p surish orqali futbolchi ancha o`sadi. Mana endi Qatar chempionatida o`z kuchimni sinab ko`raman.
— Nima deb o`ylaysiz, «Lokomotiv»ni bir nechta futbolchilar tark etgan bo`lishiga qaramay, jamoa bu yil ham chempionlik uchun kurasha oladimi? Bu borada fikringiz qanday?
— Menimcha, jamoa hech ham kuchsizlanmaydi. Zero “Loko” qishki transferlar paytida anchagina yaxshi haridlarni amalga oshirdi. Tarkibga qo`shib olingan futbolchilar ancha mahoratli. Shuning uchun ham “Lokomotiv”ning yangi mavsumda ham o`tgan yilgi muvaffaqiyatlarni takrorlay olishiga ishonaman. Nasib etsa, jamoa yangi mavsumda Chempionlar ligasida ham muvaffaqiyatga erisha oladi.
— Shu o`rinda jamoamiz muxlislariga nima degan bo`lardingiz?
— Shu o`rinda “Lokomotiv”ning ahil jamoasiga va uning ajoyib ishqibozlariga o`z minnatdorchiligimni bildirmoqchiman. Zero bu jamoada ajoyib damlarni o`tkazdim. Bu vaqt ichida meni barcha qo`llab-quvvatlab turdi. Ana endi men ham “Loko”ga muxlislik qilaman, uning har bir g`alabasidan quvonaman. “Lokomotiv”ning muxlislariga omad va bir olam quvonch tilayman. Umid qilamanki, hali yana uchrashamiz!





