Davlat raqobat qo`mitasi rahbarining xorijiy safar xarajatlariga ikkita yirik korxona sotib olsa bo`lardi
Uchinchi – biz bugun Davlat raqobat qo`mitasining raisi D.Hidoyatovdan shaxsan siz va qo`mitaning bo`linmalari xususiylashtirish jarayonida pirovard natijani nima uchun nazorat qilmaysiz yoki ta`minlamaysiz, degan savolga javob berishni qat`iy talab qilishga haqlimiz.
Siz nima uchun ushbu muammolarni amalda hal etish o`rniga menga o`zingizning hech qanday natija bermagan va bermaydigan xorijiy xizmat safarlaringiz va "taqdimot”laringiz to`g`risida og`iz ko`pirtirib axborot berasiz?
Bugun davlat byudjeti hisobidan katta mablag`larni xarajat qilib, xorijga xizmat safariga borib kelayotgan rahbarlar va ishchi guruhlaridan so`rashga haqlimiz: qani sizlar og`iz to`ldirib, qog`ozga chiroyli qilib yozib bergan natijalar, qani investor va investisiyalar?
Siz bu ishlarga mutasaddi davlat qo`mitasining rahbari bo`lib, bunday natijalarni kimdan talab qilyapsiz? Birgina Koreya Respublikasiga korxonalarni sotamiz, investisiyalar olib kelamiz, deb tashkil etgan bir nechta biznes forumlaringiz natija berdimi, qani va`dalar?
Agar sizlar xorijiy safarlarga sarf qilgan xarajatlarni hisob-kitob qilsak, shu pulning o`ziga ikkita yirik korxonani sotib olsa bo`lardi.
"Nol" qiymati bo`yicha 1 ming 27 ta ob`ekt sotilgan. Albatta, bu yaxshi, biroq nima uchun ularning ko`pchiligi, ba`zilarini hisobga olmaganda, ishga tushirilmagan va vayrona holida yotibdi?
Biz ularning o`rniga nimani tashkil etdik, qanday quvvatlar va ishlab chiqarishlar barpo etildi, qancha odam ish bilan band? Nima uchun sotilishi lozim bo`lgan 119 ta aksiyadorlik jamiyatidan faqat yarmining 15 foizlik ulushi xorijiy investorlarga sotilgan?
Davlat mulki talon-taroj qilingani uchun bugun kim shaxsan javob berishi kerak? So`zsiz va birinchi navbatda siz, qo`mita raisi sifatida javob berishingiz shart.
Siz oldingi rahbarlarning xatolarini takrorlab, sustkashlik qilib va faqat statistika bilan shug`ullanib asosiy bo`g`inni – mamlakatning va xalqning boyligiga ehtiyotkorlik bilan munosabatda bo`lishni boy beryapsiz.
Sizga oxirgi marta, kompleks rahbari va Davlat maslahatchisi O.Murodov bilan birgalikda, Oliy Majlis bilan o`zaro hamkorlikda 20 kun muddatda, birinchidan, ushbu muammoli masalalarni bartaraf etishni, ikkinchidan, sotilgan va sotib olingan davlat mulkining ishlamasligi, undan samarasiz foydalanilgani yoki talon-taroj qilingani uchun rahbarlar va mansabdor shaxslarning huquqiy majburiyat va mas`uliyatini puxta ishlab chiqishni nazarda tutadigan kompleks aniq chora-tadbirlarni taqdim etishni topshiraman.





