AsosiyJamiyat

Shavkat Mirziyoev Rustam Azimovga kollej bitiruvchilarini ishga joylashtirish yuzasidan aniq takliflar kiritishni topshirdi

O`zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoev mamlakatimizni 2016 yilda ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishning asosiy yakunlari va 2017 yilga mo`ljallangan iqtisodiy dasturning eng muhim ustuvor yo`nalishlariga bag`ishlangan Vazirlar Mahkamasining kengaytirilgan majlisida Mehnat vazirligi va uning rahbari A.Abduhakimov faoliyati samaradorligini tubdan qayta ko`rib chiqish zarurligini ta`kidladi. 

Yurtimizda yiliga 1,5 million odamni ishga joylashtirishga ehtiyoj bo`lsa-da, o`tgan yili Bandlikka ko`maklashish markazlari atigi 248 ming kishini yoki 16,5 foizini ishga joylashtirgan.Buning asosiy sabablari ish faoliyatidagi eskirgan shakl va usullar hamda bandlik muammolarini hal etishdagi rasmiyatchilik bilan bog`liq. 

Ayniqsa, kasb-hunar kollejlari bitiruvchilarini ishga joylashtirish bo`yicha uch tomonlama shartnomalarni amalga oshirish borasida ko`plab qo`shib yozish holatlari bartaraf etilmagan. 

Ana shu muammolarga barham berish butun Makroiqtisodiyot kompleksi va shaxsan mehnat vazirining birinchi darajali vazifasiga aylanishi kerak. 

Sizga, Rustam Sodiqovich, 15 kun muddatda ushbu ishga barcha iqtisodiy va moliyaviy organlar, bank muassasalari va O`rta maxsus, kasb-hunar ta`limi markazining hududiy bo`linmalari xodimlarini, shuningdek, barcha bo`g`indagi hokimlar o`rinbosarlarini jalb etishni nazarda tutadigan, prinsipial jihatdan yangi, ta`sirchan mexanizmni joriy etish yuzasidan aniq takliflar kiritishni topshiraman. 

Aniq bir misol bilan ushbu muammoni hal etishning real yo`lini aytmoqchiman. Andijon viloyatining aholi zich joylashgan Oltinko`l tumanida 7 ta kasb-hunar kolleji bor, ularni bu yil turli mutaxassisliklar bo`yicha 2 ming 300 nafar bitiruvchi tamomlaydi. Tuman hududida 714 ta xo`jalik yurituvchi sub`ekt, jumladan, sanoatda – 371 ta sub`ekt, qurilishda – 167 ta sub`ekt, savdo va xizmat ko`rsatish sohasida – 156 ta sub`ekt va boshqa tashkilotlar faoliyat ko`rsatadi. 

Tumandagi har bir xo`jalik sub`ektiga o`rtacha 3 nafar bitiruvchi to`g`ri keladi. 

Tumanda byudjetdan oylik oladigan iqtisodiy kompleks tashkilotlaridagi jami 400 nafar xodim ushbu korxonalarning samarali ishlashiga amaliy yordam bersa, masalan, kimgadir kredit, yana kimga xomashyo yoki malakali maslahat bilan ko`maklashsa, bu ishni bemalol bajarsa bo`ladi. Agar ana shu 400 nafar odam oyiga bittadan ish o`rni tashkil etishga ko`maklashsa, bir yilda 4 ming 800 ta yangi ish joyiga ega bo`lish mumkin. 

Bugunning o`zida har bir bitiruvchini aniq bir tashkilotga biriktirishni ta`minlash bilan birga, uning bo`lajak ish joyi, ish haqi va ijtimoiy sharoitlarini aniq belgilash zarur. 

Bularning barchasini huquqiy hujjatlar bilan mustahkamlash va eng asosiysi, xo`jalik yurituvchi sub`ekt rahbarining nafaqat majburiyatini, balki shaxsiy mas`uliyatini ham belgilash zarur. 

Faqat shunday yo`l bilan biz davlatning o`quvchilar va ularning ota-onalari oldidagi majburiyatini bajarishimiz mumkin. Xuddi shunday amaliyotni respublika oliy ta`lim muassasalari bitiruvchilari bo`yicha ham ishlab chiqish va joriy etish darkor.

    Boshqa yangiliklar