AsosiyJamiyat

Shavkat Mirziyoev rahbarlarning “silliq” hisobotlari haqida: “Buni xalq hech qachon kechirmaydi!”

Eng asosiy ustuvor vazifa – «Xalq bilan muloqot va inson manfaatlari yili» Davlat dasturini amalga oshirish, «Inson manfaatlari hamma narsadan ustun» degan olijanob g`oyani izchillik bilan hayotga tatbiq etishdan iborat. 

Bosh maqsadimiz – fuqarolarning qonuniy murojaatlarini qisqa muddatda sinchiklab ko`rib chiqishni va hal etishni ta`minlashdir. Bu borada raqamlar va silliq hisobotlarning orqasidan quvib, navbatdagi kampaniyabozlikni uyushtirish kerak emas. 

Buni xalq hech qachon kechirmaydi! 

Bundan buyon agar arizachi olgan javob xatidagi o`z qonuniy muammosi echimidan qanoat hosil qilmasa, bunday murojaat nazoratdan olinmaydi. 

Bu haqda O`zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoev mamlakatimizni 2016 yilda ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishning asosiy yakunlari va 2017 yilga mo`ljallangan iqtisodiy dasturning eng muhim ustuvor yo`nalishlariga bag`ishlangan Vazirlar Mahkamasining kengaytirilgan majlisidagi ma`ruzasida ta`kidlandi.

Uning so`zlariga ko`ra, hayotning o`zi va xalqning talablari bizning oldimizga amaliy echimini topish lozim bo`lgan yangi va yanada murakkab vazifalarni qo`ymoqda. 

Bu o`rinda asosiy muammo, mening nazarimda, quyidagilardan iborat. 

Birinchidan, ayrim idoralar va ularning rahbarlari real hayotdan va xalq ehtiyojlaridan ma`lum darajada uzilib qolmoqda. 

Ikkinchidan, tarmoq va hududlarni rivojlantirish konsepsiyalari va dasturlarini ishlab chiqishda yuzaki yondashuvga yo`l qo`yilmoqda. 

Va nihoyat, uchinchi asosiy kamchilik – ko`pchilik rahbarlarning murakkab muammolarni kabinetdan chiqmasdan, iqtisodiyot tarmoqlari, har bir korxonadagi, shahar va tumanlardagi, ayniqsa, qishloq joylardagi ishlar qanday ahvolda ekanini chuqur o`rganmasdan hal etishga odatlanib qolgani bilan bog`liq.

    Boshqa yangiliklar