AsosiyJamiyat

2016 yilda Samarqandda 600 mln. so`mlik dori-darmonning noqonuniy olib o`tilishiga chek qo`yildi

Samarqand viloyat bojxona boshqarmasi xodimlari tomonidan huquqni muhofaza qiluvchi boshqa idoralar vakillari bilan hamkorlikda dori-darmon vositalarining noqonuniy savdosiga qarshi chora-tadbirlar muntazam olib borilmoqda.

Raqamlarga murojaat qilsak, o`tgan 2016 yilda viloyatda mazkur yo`nalishda 17 ta qonunbuzarlik holatlari fosh qilingan bo`lib, natijada qiymati 600 mln. so`mdan ortiq bo`lgan salkam 9,2 ming dona dori-darmon vositalarining noqouniy olib o`tilishiga chek qo`yilgan. Mazkur holatlarning 4 tasi bo`yicha jinoiy ishlar qo`zg`atilgan. Bu haqda Samarqand viloyati bojxona boshqarmasi Axborot xizmati xabar berdi.

Jumladan, Samarqand xalqaro aeroportida “Moskva-Samarqand” reysi bo`yicha parvozini yakunlagan Sh.To`xtaevning (ismi-sharifi o`zgartirilgan) qo`l yuklari bojxona nazoratidan o`tkazilganda, ushbu shaxs yo`lovchi bojxona deklarasiyasida va bojxonachilarning og`zaki so`rovi paytida ma`lum qilmasdan turib, xorijda ishlab chiqarilgan, tegishli hujjatlari bo`lmagan qiymati 300 mln. so`mlik 31 turdagi salkam 4 ming dona dori vositalarini bojxona nazoratidan yashirincha olib o`tishga uringani aniqlandi.

Ekspertlarning xulosasiga ko`ra, ushbu shaxsdan olib qo`yilgan dori vositalarining 18 turdagisi davlat reestrida qayd etilmagan, 13 turdagisi esa mavjud normativ talablarga javob bermaydi. Shu boisdan ushbu mahsulotlar o`rnatilgan tartibda yo`q qilindi.

Eslatib o`tamiz, O`zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining «Davlat daromadiga o`tkaziladigan mol-mulkni olib qo`yish, sotish yoki yo`q qilib tashlash tartibini takomillashtirish to`g`risida» 2009 yil 15 iyuldagi 200-sonli qaroriga muvofiq,  huquqbuzarlik ashyosi tariqasida olingan hech qanday hujjatlari bo`lmagan etil spirti, tamaki va alkogolli mahsulotlar, dorivor vositalar va tibbiyot buyumlari, oziq-ovqatga biologik aktiv qo`shimchalar, oziq-ovqat qo`shimchalari, ekspertiza xulosasiga ko`ra yaroqsiz deb topilgan tovarlar yo`q qilinadi.

 

    Boshqa yangiliklar