Milliy matbuot markazida O`zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Davlat test markazi matbuot anjumani o`tkazdi. Bu haqda O`zA xabar bermoqda.
2017-2018 o`quv yilidan boshlab oliy ta`lim muassasalariga hujjatlar qabul qilish muddati 15 iyundan 15 iyulga qadar bo`ladi. Oliy harbiy ta`lim muassasalaridagi test sinovlari esa 5 iyul kuni o`tkaziladi.
Bu abiturientlarga yanada ko`proq qulaylik yaratish, ta`lim muassasalarini test jarayoniga tayyorlash, belgilangan binolar va auditoriyalarni kerakli jihoz va uskunalar, o`quv vositalari bilan ta`minlab, muddatidan oldin shay holatga keltirish imkonini beradi.
Davlat test markazi direktori o`rinbosari Q.Haqberdiev va boshqalar mamlakatimizda amalga oshirilayotgan keng ko`lamli islohotlar natijasida ta`lim muassasalarida o`quv-tarbiyaviy, ma`naviy-ma`rifiy ishlar samaradorligi yuksalib, jahon andozalari va zamon talablariga mos bo`lgan ta`lim standartlari amaliyotga joriy etilayotganini ta`kidladi.
Birinchi Prezidentimiz Islom Karimovning 2016 yil 26 maydagi "2016-2017 o`quv yilida O`zbekiston Respublikasining oliy ta`lim muassasalariga o`qishga qabul qilish to`g`risida"gi qaroriga muvofiq oliy ta`lim muassasalarining bakalavr ta`lim yo`nalishlariga 57 ming 907 talaba, jumladan, 19 ming 120 talaba davlat granti, 38 ming 787 talaba to`lov-kontrakt asosida o`qishga qabul qilindi. 174 o`rta maxsus, kasb-hunar ta`limi muassasalarida saralash test sinovlari tashkil etilib, unda 138 ming 214 o`quvchi ishtirok etdi. 10 oliy harbiy ta`lim muassasasida o`tkazilgan test sinovlarida 6 ming 163 abiturient qatnashdi.
2016-2017 o`quv yilida Toshkent davlat texnika, Toshkent davlat agrar, Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o`zbek tili va adabiyoti universitetlari, Toshkent arxitektura-qurilish, Toshkent kimyo-texnologiya, O`zbekiston davlat san`at va madaniyat, Andijon qishloq xo`jaligi, Qarshi muhandislik-iqtisodiyot institutlari, Toshkent tibbiyot akademiyasida yangi ta`lim yo`nalishlari ochildi.
Birinchi Prezidentimizning 2012 yil 10 dekabrdagi «Chet tillarni o`rganish tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to`g`risida»gi qaroriga muvofiq Qoraqalpog`iston Respublikasi va viloyatlardagi umumta`lim maktablariga ingliz tili o`qituvchilarini etkazib berish maqsadida test sinovlarida yuqori ball to`plagan 117 nafar abiturient qo`shimcha ravishda o`qishga qabul qilinishga tavsiya etildi.
Matbuot anjumanida jurnalistlarning savollariga soha mutaxassislari javob qaytardi.
28.12.2016 04:56





