O`zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoev O`zbekiston Respublikasi fuqarolarini muddatli harbiy xizmatga navbatdagi chaqiruvi hamda belgilangan xizmat muddatlarini o`tab bo`lgan harbiy xizmatchilarni qurolli kuchlar rezerviga bo`shatish to`g`risida Qaror imzoladi.
Qarorga muvofiq «Umumiy harbiy majburiyat va harbiy xizmat to`g`risida»gi O`zbekiston Respublikasi Qonuniga muvofiq chaqirilish muddatini kechiktirish huquqiga ega bo`lmagan O`zbekiston Respublikasining chaqiruv yoshidagi fuqarolari 2017 yilning fevral-mart oylarida muddatli harbiy xizmatga chaqiriladi.
Muddatli harbiy xizmatni o`tashga yaroqli hamda chaqirilish muddatini kechiktirish va chaqirilishdan ozod etish huquqiga ega bo`lmagan, biroq ushbu chaqiruv mobaynida Qurolli Kuchlar safiga chaqirilmaydigan fuqarolar safarbarlik chaqiruvi rezerviga olinadi.
Muddatli harbiy xizmatning belgilangan muddatlarini o`tab bo`lgan harbiy xizmatchilar 2017 yilning fevral-aprel oylarida O`zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari rezerviga bo`shatiladi.
Mazkur qarorning ijrosini nazorat qilish O`zbekiston Respublikasining Bosh vaziri A.Aripov va O`zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Xavfsizlik kengashining kotibi V.Maxmudov zimmasiga yuklandi.





