Toshkentda “Saylov.uz-2016” press klubi faoliyati yakunlariga bag`ishlangan “Xalq bilan muloqot va inson manfaatlari yilida yangi media formatlar” deb nomlangan tadbir bo`lib o`tdi.
2016 yilning 21 dekabr kuni Toshkent shahridagi “International Hotel Tashkent” mehmonxonasida O`zbekiston elektron ommaviy axborot vositalari milliy assosiasiyasi (O`zEOAVMA), “Uzbekistan Today” AA, “Mening Yurtim” telekanali, “Vodiy sadosi” YoTRK (“Zo`r-TV”), “Uzreport” AA, “Sevimli-tv.uz” internet-telekanali, “Darakchi inform servis” MChJ tomonidan hamda O`zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati, Inson huquqlari bo`yicha O`zbekiston Respublikasi milliy markazi, A.Navoiy nomidagi O`zbekiston Milliy kutubxonasi, YuNESKOning O`zbekistondagi vakolatxonasi hamkorligida Mediaivent shaklidagi uchrashuv bo`lib o`tdi.
Norasmiy, bayramona va do`stona ruhda o`tgan uchrashuvda davlat va jamoat tashkilotlari vakillari, O`zbekistonda akkreditasiyadan o`tgan diplomatik korpus va xalqaro tashkilotlar vakillari, O`zEOAVMAga a`zo nodavlat teleradiostansiyalar rahbarlari, OAV vakillari ishtirok etdi.
Tadbirda turli janrlarda media-mahsulotlar tayyorlash orqali davlat va jamiyat o`rtasidagi muloqotni ta`minlashning yangi usullari, bunda nodavlat elektron OAV tomonidan davlat hokimiyati organlari faoliyatining ochiqligini, inson manfaatlarini ta`minlashga qaratilgan media-kontent yaratish maqsadida tashkil etilgan hamda keng jamoatchilik, shuningdek, milliy va xorijlik ekspert, jurnalist hamda O`zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovi jarayonlarini kuzatish uchun tashrif buyurgan xalqaro kuzatuvchilarning ham yuqori baholariga sazovor bo`lgan Press klub faoliyatini doimiy yo`lga qo`yish, shu bilan birga xalq bilan muloqotni ta`minlashda tezkorlik va zamonaviylikka erishishda innovasion usullardan foydalanish, multimedia maydonlarini tashkil qilish masalalari, davlat va jamiyat munosabatlari shaffofligini ta`minlashda mustaqil bosma OAV oldida turgan vazifalar muhokama qilindi.
Muhokamalar yakuniga ko`ra tegishli taklif va tavsiyalar ishlab chiqildi.
Shuningdek, Meetup uchrashuvida press klub faoliyatini yoritishda alohida jonbozlik ko`rsatgan OAV va tashkilotlar vakillari esdalik sovg`alari bilan taqdirlandi.
Ta`kidlash joizki, saylovni yoritish bo`yicha press klub doirasida nodavlat elektron OAVlar tomonidan 3000 dan ortiq media-kontent tayyorlandi. Press klubning 100 ga yaqin xodimi O`zEOVMA tomonidan 100 million so`mdan ortiq pul mukofotlari bilan taqdirlandi.





