AsosiySUG'DIYONA

O`g`lini qizg`anadigan qaynona

Dilshod, 32 yosh.

Dilshod otasidan qolgan yolg`izgina yodgor. Onasi butun umr o`zini shu bolasiga bag`ishlab, hamshiralik qilib, halol mehnat orqali voyaga etkazdi. O`g`li hammaning havasini keltiradigan yigit bo`ldi, ammo onasi kelin qilishda, o`g`li xotin tanlashda adashgandek... Gap nimada o`zi dersiz? Qaynona o`g`lini rashk qiladi. Gulnoraning aytishicha, onasi atay yotoqxonaga qo`shni xonaga ko`chib olganmish, derazadan poylar emish, gaplarini eshitishga harakat qilarmish, ovqat qilsa, «bu bolamga yoqmaydi» deb o`zi boshqatdan tayyorlarmish. Dilshodning onasi juda ko`ngilchan, o`g`liga hadeb kelinni yomonlamaydi, lekin uyiga kirib olib yig`laydi, so`ng qon bosimi oshib ketadi. Bir hafta oldin yomon voqea bo`ldi. Onasi o`g`lim bunaqa kir choyshabda yotmasligi kerak deb kelinning uyidagi barcha choyshablar, yostiq jildlarni yig`ishtirib olib yuvibdi. Kelin bilan anchagina san-manga borishibdi. Dilshod ishdan kelib voqeadan xabar topgach, xotini oldida birinchi marta onasiga baqirdi: «Oyi, mening yotgan joyimdan kir qidirguncha o`zingizga er topsangiz-chi, mendan boshqa ishingiz yo`qligi uchun ham har kuni muammo chiqarasiz!»

MUHOKAMA: Yolg`iz o`g`ilga erga tegayotgan qizlar hamisha shu kabi holatlarga tayyor bo`lishi kerak. Gulnora besh-o`n yilgina tanish bo`lgan erini boshqa bilan bo`lishgisi kelmaydi-yu, jonidan bunyod qilgan bolasini u bilan bo`lishayotgan, shu o`g`lidan boshqa ovunchog`i bo`lmagan ayolga raqibalik qilishga nega buncha urinadi? Yoshi 50 dan oshgan ayol o`zi peshona teri bilan qurgan uy, boqqan bolasi qolib bir haftadan beri singlisinikida yashayapti. Zahargina, qattiqqina kelin tushmagur eri bilan birga borib kechirim so`rashga shoshilmayapti. Ona o`g`liga muhabbatini boshqa o`zanga yo`naltirsa yoki nabiralari bilan o`zini ovutsa ham bo`lardi, lekin aytishga oson ekan... Albatta, u tushunib-tushunmay bir-ikki yosh oilaning ishiga aralashgan va bu bilan ularning tinchini buzgandir, lekin niyati ba`zi qaynonalar kabi yomon emas. Onaga o`zini xo`rlangandek ko`rsatish yoqishini tan olish kerak. Chunki aynan shu yo`l bilan har doim o`g`lining rahmini keltirib, o`ziga yon bosishiga erishardi. O`g`il hozir juda qattiq uyatda. Bugun onasini qaytarmoqchi, lekin keyin ham vaziyat o`zgarmasligini sezib turibdi.

FALSAFA: Biz buyumlarga egalik qila olamiz. Hatto jonivorlarga xo`jayin bo`la olamiz, lekin ba`zan o`z bolamizni faqat o`zimizga tegishli deb ayta olmaymiz. Har bir inson aslida hammaga, shu bilan birga faqat o`ziga tegishli. Kimningdir yuragi va hayotidan chuqur joy egallash uchun musobaqalashish shart emas. Ayniqsa, onaning inson hayotidagi o`rni har qanday shubhalardan xoli, unga mos taxt bor va uni hech qanday xotin yoki bola-chaqa egallay olmaydi! 

Boshqa yangiliklar