Biz — ayollarning izquvarligimizga Sherlok Xolms ham havas qilsa arziydi. Rost-da, axir eshikdan kirib kelgan juftimizning xatti-harakatiga qarab, uning qanday kayfiyatda ekanligiyu maosh oldimi-yo`qmi, to`g`ri uyga kelayaptimi yoki onajonisining eshigiga ham mo`ralab qo`ydimi, xullas, hamma-hammasini bilib olamiz. Biroq qanchalik ziyrak bo`lmaylik, o`tayotgan hayotimiz kutilmagan «sovg`a»larga boy bo`lib, ba`zan nazoratni qo`ldan chiqaramiz. Xo`sh, shunday vaziyatga tushib qolmaslikning ilojisi bormi? Keling, shu haqda suhbatlashamiz.
SEVADI-SEVMAYDI....
«Erkaklar ko`zi bilan sevadi» degan gapni eshitgansiz. Buni qarangki, muhabbat borasida erkaklar ikki guruhga ajratilar ekan. Biri eshitish sezigisi bilan, ikkinchisi ko`rish hissi bilan sevadiganlar.
- Ko`rish hissiyoti ustunlik qilgan erkaklar chiroyli manzaralar, xushbichimim liboslar va albatta, go`zal ayollarga shaydo bo`lishadi. «Ko`ramiz...», «Ko`rsat-chi...», «Ko`zimga issiq ko`rindi...», «Qaraganda yoqimli», «Menga qarab gapir...» kabi jumlalar bu toifa erkaklarning tez-tez qo`llaydigan so`zlari. Bunday go`zallik shaydosini faqat ziyraklik bilan nazorat qilish mumkin.
- Eshitish sezgisiga bo`ysunadigan erkak bilan yashash bir qarashda oson tuyulsa-da, aslida ularning bir qator kamchiliklari ham yo`q emas. U xuddi magnitofonga o`xshaydi. Qachon, qaysi vaziyatda nima deganingizni yaxshi eslab qoladi. Va nuqta-verguligacha aytib beradi. «Sen qanday fikrdasan?» «Gaplaring ishonchsiz chiqayapti...» «Kel, gaplashib o`tiramiz» kabilar ular tez-tez qo`llaydigan jumlalar. Ushbu toifa erkaklar yaxshi umr yo`ldosh va maroqli suhbatdosh bo`lishadi. Yagona e`tiroz: har bir gapni o`ylab so`zlamasangiz, bir kun kelib, qarshi «qurol» sifatida foydalanishi mumkin.
HIS-TUYG`ULAR ASIRI...
Yana bir toifa erkaklar ham bor. Ularda juftini his etish tuyg`usi etakchilik qilib, ko`proq ruhiy holatga buysunishadi. Biror qaror qabul qilishlari uchun ham ancha vaqt talab etiladi. Siz uni «...deb o`ylayman» «...menga shunday tuyuldi» «shunday bo`lishini ko`nglim sezgandi» kabi so`zlaridan tanib olasiz. Agar juftingiz tuyg`ular asiri bo`lsa, undan dadillikni kutmang. Yaxshisi, mustaqil bo`lishi uchun ko`maklashing.
E`TIBOR TALAB QILSA....
Turmush o`rtog`ingizning dasturxon atrofida o`tirib, piyolani taqillatish yoki sochiqni buklash odati bo`lsa, u shu yo`l bilan e`tibor talab qilayotganini bildiradi. «Menga qarashing uchun atay shunday qilayapman» degan ichki nidoni shu tarzda nomoyon etadi. Odatda bunday erkaklar biroz jahldor, qaysar va meniki to`g`ri, deydishsa-da, rafiqasining diqqat-e`tibori bilan muloyim mushukka aylanishadi.
«MENING YoRIM ALDOQChI...»
Biror aybi yoki kamchiligini yashirmoqchi bo`lgan erkak, avvalo, ko`z nigohini olib qochadi. So`zlayotganda ko`zini ishqalashi, burnining ustiga tez-tez qo`l tegizishi mumkin. «Rosa charchadim..» «Ertaga gaplashaylik...» va so`ramasangiz ham «Aldayotganim yo`q» degan jumlalar biror nimani yashirayotganini anglatishi shubhasiz. Siquvga olganingizning foydasi yo`q. Bir tarafdan ba`zilar kabi «Borim shu, istamasang, katta ko`cha» demayotganiga ham shukr. Biroq yolg`onchilik odatiga barham berish uchun uning ishonchini qozonishingiz kerak. Har zamon «Men sizga ishonaman» kabi so`zlar bilan o`rtadagi masofani qisqartiring.
QO`LI ChO`NTAGIDA...
Ilk uchrashuvga chiqqaningizdayoq kuyovto`ra qo`llarini shimining cho`ntagiga suqqani e`tiboringizni tortdi shundaymi? «Namuncha o`zini osmon bilmasa» degansiz-a ichingizda? Xo`sh, endi nima deysiz?! Chindan «osmon»mikan yoki bu odati xarakteridanmi? Aslida, bu xarakter. Jiddiy, har narsada aniqlik va rejali ish ko`rishni afzal bilgan erkaklarga xos odat. Ha-ya, bunday erkaklar ayolini qadrlaydigan va oilasi oldida ma`suliyatni his etadigan bo`lishadi.
«KO`ZLARI NIMA DEYDI?..»
Bu eng sinalgan va ishonchli usullardan biri. Ammo «tergov» qilayotganingizni bildirib qo`ymang. Ya`ni ko`zlariga tik qaramang. Bo`lmasa, sirlarimizni bilib olashida-ya...
- Eringiz siz bilan suhbatlashayotib, ko`zlarini tez-tez pirpirayotgan bo`lsa, yo yolg`on gapirayati, yoki biror voqeadan qattiq ta`sirlangan. Balki gaplaringizdan to`lqinlanib ketgandir? Masalan, «Maoshingizni bering, yangi ko`ylak olaman», degan bo`lsangiz...
- Ko`zlari katta ochilgan bo`lsa, suhbat unga zavq bag`ishlayapti. Shu bilan birga, erkakning ushbu holati u bilan ko`proq vaqt o`tkazishingiz kerakligiga ham ishoradir.
- Bir nuqtada «qotib qolgan» nigoh ojizlik belgisi. Bunday insonlar muammolarga tez taslim bo`lib, chora topishga qiynalishadi.
- Chaqnab turgan ko`zlar bir xil hayot tarzidan tez zerikadigan erkaklarga hos. Juftingiz ana shunday inson bo`lsa, munosabatlaringizga yangilik kiritishdan erinmang.
- Olma terayotgan ko`zlar. Erkak biror aybini yashirayapti, og`iz juftlab, nimadir demoqchi-yu, jur`ati etishmayapti yoki hadik, xavotir, qo`rquvni ifodalashi mumkin.
QO`LLAR HARAKATIGA KO`RA...
Qo`llar nafaqat ayollarning tashrif qog`ozi, qarshi jins vakillarining fe`l-atvorini ayon qilguvchi vositadir ham. Demak, diqqatni qo`llariga qaratamiz.
- Suhbat chog`i eringiz qo`l kaftini tashqariga qaratib harakatlantiradi yoki shu yo`l bilan biror nimani tushuntiradi. Baxtingizni qo`ldan chiqarmang! Bunday erkaklar qo`li ochiq, sahiy va mehribon bo`lishadi.
- Gaplashayotganda biror narsa-buyumga tegsa, noaniq harakatlarni ifodalasa, bilingki, u juda ziyrak va har bir ishni o`ylab amalga oshiradigan puxta inson.
- Savol berganingizda peshanasi, sochi, qulog`ini ushlayversa, erkakning qat`iyyatsizligini namoyish etadi.
- Qo`lini musht qilib tukkan erkak ko`pincha uradigan erlar toifasiga kiritishadi. Aslida, esa bu harakat ichki holat ifodasi bo`lib, agressiya yoki biror voqeadan jahllanishni bildiradi. Qo`rqmang, ularni shirin so`z bilan mumday eritib olasiz.
- Kechagina yuvib-dazmollab bergan ust-boshini besabab qoqaversa, sizdan yoki biror ishingizdan norozi. Uning yo`q joydan muammo axtaradigan odati bor. Tinch yashayman desangiz, «Sizniki ma`qul» deya, maqbul ish tuting.
- Bu holat sizga yaxshi tanish: so`zlayotgan erkak soqol-mo`ylovini qashib, qo`llari bilan taraydi. Zaruriyat yuzasidan-da, deb o`ylamang. Bu muhim qaror qabul qilinishidan oldingi holat.
Muxtasar aytganda, erkaklarni fosh qilish uchun alohida tayyorgarlik shart emas. Hatto imo-ishoralar tilini o`rganish uchun soatlab kitob varaqlashning ham hojati yo`q. Muhimi, ayollik zakovatingizni ishga solsangiz, har qanday holatni ham to`g`ri tahlil qilolasiz.
MARJONA tayyorladi





