“Bugun biz Jahon chempionatidagi ishtirokimizni yakunladik. Shu bilan birga, 3 yil davomida yurak bilan xizmat qilgan U-17 terma jamoam bilan faoliyatim ham nihoyasiga yetdi. Bu yo‘l men uchun shunchaki ish emas — sharaf, mas’uliyat va Allohning sinovi bo‘ldi. Uch yil davomida mashaqqatli mashg‘ulotlar, quvonchli g‘alabalar va og‘ir mag‘lubiyatlar bilan birga bo‘ldik. Yaxshi kunlarda ham, yomon kunlarda ham jamoam bilan elkadosh edim", — deb yozdi murabbiy.
“Osiyo chempionligi — oltin harflar bilan yoziladigan yutuq”
Ismoilov shu yil aprel oyida qo‘lga kiritilgan Osiyo chempionligini jamoaning mehnati va avlod jasorati deb ataydi.
“2025 yilda Osiyo chempioni bo‘lish — bolalarimizning jasorati va intilishi. Bu natija O‘zbekiston futboli tarixiga oltin harflar bilan yozildi. Har bir mashg‘ulotda, har bir o‘yinda biz bayrog‘imizning sha’nini himoya qildik. Har bir bahs oldidan bitta fikr bor edi: bu Vatan uchun jon fido”, — deb ta’kidladi u.
“Adolat va halollik — mening asosiy qoidam edi”
Murabbiy o‘z faoliyati davomida tanlov faqat mehnat va xislatga qarab amalga oshirilganini urg‘uladi.
“Hech kimning ismini, klubini yoki tanish-bilishchiligini emas, faqat mehnatini, fe’l-atvorini va munosabligini tanladim. Terma jamoaga chaqirilgan har bir futbolchi bu haqqa ega edi. Qarorlarim uchun bugun ham, ertaga ham boshim baland”, — dedi Ismoilov.
“Bu yakun emas — yangi bosqichning boshlanishi”
Murabbiy o‘zini qo‘llab-quvvatlagan muxlislarga, O‘FA rahbariyatiga, yordamchilariga va futbolchilarga minnatdorlik bildirdi.
“Bu yakun — bir eshikning yopilishi emas. Bu yangi bosqichning boshlanishi. Bugun mening yo‘lim bu jamoam bilan tugadi”, — deya xotima qildi Ismoilov.






