“Real Madrid” hujumchisi Vinisius Junior Rio-de-Janeyrodagi o‘tkazilgan tug‘ilgan kun ziyofati sabab sudga tortiladi. Bu haqda “Cadena SER” nashri xabar berdi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, 19–21 iyul kunlari bo‘lib o‘tgan 25 yoshlik bayramda 500 ga yaqin mehmon, jumladan, Kamavinga, qo‘shiqchi Anitta va reper Trevis Skott qatnashgan.
Bayram vaqtidagi baland musiqa va shovqin qo‘shnilarni norozilikka undagan va ular Harbiy politsiyaga murojaat qilgan.
Politsiya dastlab ovozni pasaytirishni talab qilgan, biroq ular ketgandan so‘ng shovqin yana davom etgan.
Endi ish Rio-de-Janeyroning 9-jinoyat sudida ko‘rib chiqiladi. Dastlabki majlis 6 noyabrgacha belgilangan.
Braziliyada jamoat tinchligini buzish 15 kundan 3 oygacha qamoq yoki jarima bilan jazolanadi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Vinisiusning Ispaniyadagi uyida yong‘in yuz bergani ham xabar qilingan edi.