AsosiySUG'DIYONA

«Turmush o`rtog`imizdan yashiradigan sirlarimiz... yo`q!»

 Qizlar uchun turmush qurish – ko`p yillik orzularning ushalishi. Shu bilan birga hayot tizgini, istaklar jilovini yoningdagi insonga topshirish ham demak. Zero, birovning xasmi bo`lgan ayol mustaqil shaxs bo`lsa-da, bugungi kuni va ertasi uchun tuzgan rejalarini umr yo`ldoshi bilan bo`lishishga mas`uldir.

Xo`sh, qay bir holatlardan ayol turmush o`rtog`ini boxabar qilishi, u bilan bu borada maslahatlashishi shart? Quyida buni birma-bir tahlil qilamiz.

Qaerga, qachon va kim bilan?

Yangi kelinlik paytingizni bir eslang. Boradigan joyingiz faqat otangizning uyi bo`lsa ham, bu savolga aniq javob berardingiz. To`g`rirog`i, turmush o`rtog`ingiz belgilagan tartibga qat`iy amal qilardingiz. Shu ma`noda ayol kishi kun davomida doimiy rejadan tashqari biror joyga bormoqchi bo`lsa, bundan, albatta, turmush o`rtog`ini xabardor qilishi shartdir. To`g`ri, “Bolani bog`chaga olib bordim, olib keldim” deya har qadamda hisobot berish,  erni ishdan chalg`itish ham yaramaydi. Bu erkakning xohishi bo`lsa-ku, boshqa gap.

Ayol erkak kishining ishonchini arzimagan narsalar tufayli ham yo`qotishi mumkin. Deylik, bozorga boraman, deb qaytishda onangiznikiga bosh suqib o`tdingiz. Yarim yo`lda qaynukangizni ko`rib qolsangiz bormi?!

Kasalni yashirsang, istimasi oshkor qiladi

Juda ko`p ayollar biror erlari og`riyotgani haqida turmush o`rtoqlariga aytishmaydi. Ayniqsa, ginekologik muammolarni sir tutishadi. Bu to`g`rimikin? Er va xotin bir-birini sog` paytida ham, bemor holida ham birdek sevishi va ardoqlashi kerak emasmi? Oy kunlari, chilla yoki boshqa nozik vaziyatlarda erni ogohlantirmay, aziyat chekib yurish yaramaydi. Siz – ayolsiz, onalik baxtini tuyishingiz, farzandlaringizni oyoqqa turg`azishingiz kerak, shuning uchun ham o`zingizni asrang. Shifokor kasalingizni aniqlagandan so`ng, uni yashirishdan hech ma`no yo`q. Eringiz ham bilsin, iloji bo`lsa, ko`riklarga u bilan birga boring, toki, yonidagi insonning 40 ta joni bo`lgani bilan, u bittagina zaif vujudda urib turganini tushunsin.

Maqsadni ochiq aytgan ma`qul

Ko`pincha, erkaklar biz, ayollarning ham maqsadu rejalarimiz bo`lishi mumkinligini unutib qo`yishadi. Chunki bu xususda ularga aytmaymiz, orzu-maqsadlarimiz qanchalar muhim ekanini tushuntirmaymiz. To`ydan keyin “Chimildiq” filmidagi kelinga o`xshab: “Mening orzularim bor edi” deya ro`mol g`ijimlagandan esa foyda yo`q. Yana bir gap. Orzu bilan maqsadning farqi bor. Maqsadga etish uchun harakat qilishning imkoni mavjud bo`lishi kerak. Oilali ayol esa erning yordamisiz bu imkonni topa olmaydi. Yodda tuting, aytilmagan istak bajarilmaydi, eringiz bilan hayotingiz sizning barcha maqsadlaringizga qarshi chiqar ekan,  bu sizni hayotdan qoniqmaslik va norozilik kayfiyatiga olib kelishi mumkin. Agar mashina haydashni orzu qilayotgan bo`lsangiz, turmush o`rtog`ingizga bolalarni bog`cha-maktabdan o`zingiz olib kelishingiz, bu bilan vaqt tejalishi mumkinligini ayting, to mashina olishga imkon topilguniga qadar haydovchilik guvohnomasini olish uchun o`qishingizga ruxsat beradi.

Bolalarning xatosi sir tutilmaydi!

O`g`lingizning baholari pasayib borayotgani, maktabda yoqalashgani yoki cho`ntagidan tamaki topilgani, qizingizning sinfdoshlari bilan kinoga borishi kabilarni eringizdan yashirib, xato qilasiz. Bolalar ota va onaniki. Demak, barcha masalalarga birgalikda, maslahatlashgan holda echim topish kerak. Matoga tomgan siyohni qancha berkitishga urinmang, uning dog`i yoyilib boraveradi. Shunday ekan, muammolar kattalashmasidan issig`ida eringizni xabardor qiling, ota va ona bola tarbiyasida yakdil bo`lsa, muammolar ham kamayadi.

Daromadingiz qancha?

Ishlayotgan ayol turmush o`rtog`ining maoshi yoki xususiy tadbirkorlikdan topayotgan daromadi qancha ekanini yaxshi biladi. Chunki bu haqda tasavvurga ega. Umuman olganda, oilaviy byudjetning asosi – bu er-xotinning birgalikdagi daromadi hisoblanadi. Ayol kishi o`z maoshi, ishlab topayotgan pulini kamaytirmay, uning miqdori qancha ekanligidan erini boxabar qilgani ma`qul. Shunga yarasha birgalikda reja tuzilib, xarajat qilinadi va o`zaro ishonchga putur etmaydi.

Xarajatlar-chi?

Tan olish kerak, ayol erkakka nisbatan ko`proq xarajat qilishga moyil. E`tibor bersangiz, bu xarajatlar ko`zga ko`rinmaydigan narsalarga sarf bo`ladi, ammo o`sha buyumlarsiz xo`jalikni yuritib bo`lmaydi. Aslida, ayol kishi biror tiyinini ham oilasidan tashqariga ishlatmaydi, pul ishlatsa, eriga paypoq, bolasiga ishton sotib oladi. Erkak esa topgan daromadi yoki xotinining maoshi nimaga sarf bo`lganini tushunmay, pulning qadriga etmaysan, deb ayolni tanqid qiladi. Shunday bo`lmasligi uchun nimaga necha pul sarf qilganingizni ochiq ayting, iloji bo`lsa yozib qo`ying. Uch oyda bittagina kofta sotib olib, o`shaning ham narxini pasaytirib, qo`rqib aytsangiz, yolg`oningiz ko`payaveradi. Keyin boshqa xarajatlarni ko`paytirib aytishingizga to`g`ri kelmasligi uchun rost gapiring.

Do`stu dugonalar bilan aloqa

Sizning hamkasblaringiz, bolalikdagi do`stlaringiz, dugonalaringizni eringiz tanishi, ular bilan muloqotda bo`lishi nihoyatda muhim. Uyingizga yaqindagina kelib-ketgan dugonangiz, qo`ng`iroq qilgan hamkasbingiz bilan nima haqida gaplashganingizni u oz bo`lsa ham bilishi kerak. Ortiqcha rashk tug`ilmasligi uchun ular haqida eringiz istaganicha ma`lumot bering. Ko`pincha, erkak kishi xotinining biror dugonasini yoqtirmay, u bilan muloqotdan cheklashi mumkin. Buning har doim etarlicha sababi bo`ladi, chunki erkak kishi kim qanday ekanligini yaxshi bilish qobiliyatiga ega. Shu ma`noda dugonangizning tarbiyasi, qiziqishlari sizga ta`sir qilmasligini istar ekan, eringizga quloq soling.

Qo`l telefoni, elektron manzil...

Zamonaviy ayolda hamma narsa bor: uyali aloqa, internetdagi makon... Turmush o`rtog`ingiz bunga ruxsat bergan ekan, ishonchini oqlang. Elektron pochtangiz, profilingizning “ochqich”ini eringizdan sir tutmang. Bu bilan siz hech nima yo`qotmaysiz. Eringiz esa istagan paytda sizni tekshirishi mumkinligiga ishonch hosil qilib, ko`ngli xotirjam bo`ladi.

Va yana ayrim holatlar bor

Ayol kishi begonaning farzandiga eridan beruxsat ko`krak tutishi mumkin emas. Go`dakni emizish xayrli ish, lekin o`sha chaqaloq ikki yoshdan kichik bo`lsa va o`zining tuqqan onasidan boshqa bir ayolni emib, qoniga sut kiradigan bo`lsa, uni emizgan ayol sut onasi bo`ladi va ayolning eri chaqaloqqa emizikli ota bo`ladi. Shu bois birovning farzandini emizayotgan ayol turmush o`rtog`idan ruxsat so`rab,  amalga oshirmoqchi bo`lgan savob ishidan uni boxabar etishi lozim.

Mehringizni darig` tutmang!

Biz, ayollar televizor qarshisida uxlab qolgan turmush o`rtog`imizning ustiga mehr bilan asta ko`rpa yopib qo`yamiz-u, lekin tug`ilgan kunida unga tuzukroq tilak bildira olmaymiz, uni jonimizdan ham ortiq ko`rishimizni tilga chiqarib aytolmaymiz. Negadir, uyalamiz, tortinamiz... har kuni emas, hech bo`lmasa, bayram kunlari turmush o`rtog`imizni biror yaxshi gap, iliq dil izhori bilan xushnud qilish qiyin emas-ku, axir. Keling, YaXShImizdan yaxshi gaplarni ayamaylik!

Aziza QURBONOVA

Boshqa yangiliklar